Talos Capital O‘zbekiston bilan sun’iy intellekt sohasida hamkorlikni ko‘rib chiqmoqda

8–10-sentyabr kunlari Gretsiya innovatsion ekotizimining hammuassisi, “Microsoft Greece” va Intel Greece kompaniyalarining sobiq boshqaruvchi direktori Kris Tsangos boshchiligidagi “Talos Capital” delegatsiyasi O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida davlat tuzilmalari va IT Park Uzbekistan vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.

IT Park tomonidan kuzatuv kengashi raisi Farhod Ibragimov va bosh direktor Abdulaxad Kuchkarov ishtirok etdi. Muzokaralar yakunida IT Park vakillari delegatsiyani O‘zbekistonni xalqaro investorlar va texnologik kompaniyalar uchun jozibador qiladigan qo‘llab-quvvatlash choralari va raqobatbardosh ustunliklari bilan tanishtirdi.

Talos Capital — istiqbolli texnologiyalarga sarmoya kiritadigan venchur kompaniya. Asosiy yo‘nalishlari — sun’iy intellekt, chuqur texnologiyalar, kiberxavfsizlik va mudofaa. Kompaniya investitsiyalarning dastlabki bosqichlarida (seed va series A) faoliyat yuritadi hamda Gretsiya, Germaniya, Isroil, Nyu York va San Fransiskoda ofislariga ega. Kompaniya jamoasida Kris Tsangos, Nir Netser, Stratos Davlos va Manfred Tropper kabi jahon IT-sanoatining yetakchilari bor.

Uchrashuvda IT Park vakillari delegatsiyani texnopark imkoniyatlari va mamlakatning infratuzilma salohiyati bilan tanishtirdi. Xalqaro kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash choralari, jumladan, soliq va bojxona imtiyozlari, chet ellik mutaxassislar uchun viza va ishlash ruxsatnomalarini olishning soddalashtirilgan tartiblari, shuningdek, O‘zbekistonda biznesni rivojlantirishga ko‘maklashuvchi boshqa mexanizmlar taqdim etildi.

Milliy IT sohasining raqobatbardosh ustunliklariga alohida e’tibor qaratildi. Ular orasida raqamli iqtisodiyotning davlat tomonidan faol qo‘llab-quvvatlanishi, malakali kadrlarning mavjudligi, mamlakatning strategik jihatdan qulay joylashuvi, mintaqaviy va xalqaro bozorlarga chiqish salohiyati kabi afzalliklar ta’kidlandi.

Muzokaralar, shuningdek, startap muhitini rivojlantirish va venchur investitsiyalarni kengaytirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tdi. “Talos Capital” kompaniyasi taqdim etilgan imkoniyatlarga qiziqish bildirdi va hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligini tasdiqladi.

“Talos Capital” bilan hamkorlik xalqaro investorlarni jalb qilish va O‘zbekistonning jahon IT-bozoridagi mavqeini mustahkamlashda qo‘shimcha qadam bo‘ladi. Qo‘shma loyihalar startaplarni rivojlantirish, mutaxassislarni tayyorlash va yangi texnologik bozorlarga chiqish uchun mamlakatning mavjud afzalliklari — davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, malakali kadrlar zaxirasi va qulay geografik joylashuvdan foydalanishga yordam beradi.

2025-09-11