TATU talabalari bilan startaplarni yaratish va rivojlantirish bo‘yicha ochiq suhbat

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida IT Park Uzbekistan ijrochi direktori Abdulahad Kuchkarov va universitet talabalari ishtirokida ochiq suhbat o‘tkazildi.

Uchrashuvning asosiy yo‘nalishlaridan biri O‘zbekistonda startaplar va IT-biznesni, jumladan bulutli texnologiyalar, sun’iy intellekt va kiberxavfsizlik sohalarida rivojlantirish uchun yaratilgan shart-sharoitlarni muhokama qilish edi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yaqinda qabul qilingan startap ekotizimi va venchur investitsiyalari, sun’iy intellekt industriyasi va IT-eksportni rivojlantirish to‘g‘risidagi farmoni va qarori davlatning innovatsiyalarga ochiqligini va iqtisodiyotning raqamli transformatsiyasini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini ko‘rsatmoqda.

Bu islohotlar O‘zbekistonni ilg‘or texnologiyalarni rivojlantirish va Markaziy Osiyo IT-ekotizimini mustahkamlash uchun jozibador platformaga aylantirmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, o‘zbekistonlik mutaxassislarga o‘z loyihalarini amalga oshirish, xalqaro tajribani o‘zlashtirish va yirik xalqaro kompaniyalarga ishga joylashish imkoniyatlarini yaratmoqda.

Uchrashuv davomida Abdulahad Kuchkarov ishtirokchilarga startaplarni yaratish va rivojlantirish bo‘yicha istiqbolli yo‘nalishlarni tushuntirdi, shuningdek, mamlakatda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va investitsiyalarni jalb qilish uchun yaratilgan startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash dasturlari haqida ma’lumot berdi.

IT sohasida talabalar uchun mavjud imkoniyatlarga, jumladan, ko‘nikmalarni rivojlantirish va startaplarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan dasturlar va resurslarga alohida e’tibor qaratildi. Abdulahad Kuchkarov mahalliy startaplar va IT-kompaniyalarga xalqaro maydonda muvaffaqiyatli raqobatlashish imkonini beradigan inkubatsiya va akseleratsiya dasturlarining muhimligini ham ta’kidladi.

Uchrashuv yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berish, shuningdek, mamlakatda startap ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashish imkoniga ega bo‘ldilar. Bundan tashqari, startap asoschilari duch keladigan qiyinchiliklar va ularni bartaraf etish yo‘llari haqida so‘z yuritildi.

Mazkur uchrashuv talabalarga o‘z startaplarini boshlash uchun aniq vositalar va bilimlarni taqdim etdi: akseleratsiya dasturlarida ishtirok etish uchun asosiy talablarni tushunishdan tortib investorlarni jalb qilish usullarigacha.

IT Park Uzbekistan yosh mutaxassislarni faol qo‘llab-quvvatlashni davom ettirib, ularning kasbiy o‘sishi va innovatsion g‘oyalarini amalga oshirishi uchun shart-sharoitlar yaratmoqda, bu esa mamlakatda tadbirkorlik va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga hissa qo‘shmoqda.

2024-11-05