O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20-noyabr kuni poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkiga tashrif buyurdi.
Ushbu IT-park Prezidentimizning 2018-yilda Hindistonga
davlat tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuv asosida, O‘zbekiston Respublikasi
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan
Hindiston Respublikasining Elektronika va axborot texnologiyalari vazirligi
qoshidagi Dasturiy texnologiyalar parklari jamiyati hamkorligida tashkil
etilgan.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 10-yanvardagi qarorida
texnopark faoliyatini yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari belgilandi, shu maqsadda
direksiya tuzildi. Qurilish ishlari jadal olib borilib, joriy yil iyulda uning
dastlabki binosi foydalanishga topshirildi.
Davlatimiz rahbari bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Texnoparkda mutaxassislar uchun barcha qulayliklar
yaratilgan, istiqbolli startap-loyihalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha
inkubatsiya va akseleratsiya dasturlari tashkil etilgan. Axborot
texnologiyalari, moliya texnologiyalari, logistika, elektron tijorat, elektron
ta’lim, biotexnologiya va boshqa yo‘nalishlardagi ilk loyihalar muvaffaqiyatli
amalga oshirilmoqda.
Masalan, AQShdagi transport korxonalariga logistika hamda
kafe va pitsseriyalarga autsorsing bo‘yicha texnologik xizmat ko‘rsatish yo‘lga
qo‘yilgan. Texnoparkning bu kabi xizmatlari arzonligi, sifati qolishmasligi
bilan xorijliklarga ma’qul bo‘lmoqda.
- Iqtisodiyotimiz barqarorligi, har bir sohaning sifati va
samaradorligi, aholiga qulayliklar yaratish axborot texnologiyalari bilan
bog‘liq. Shuning uchun bu sohaga yanada keng imkoniyat, zarur infratuzilma
yaratish, mutaxassislarni har tomonlama rag‘batlantirish, qobiliyatli yoshlarni
tarbiyalash kerak, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mazkur texnopark rezidentlari sifatida ro‘yxatdan o‘tgan
korxonalar 2028-yilning 1-yanvariga qadar soliqlar va bojxona to‘lovlaridan
ozod etilgan. Bu soha mutaxassislariga katta madad bo‘lib, texnoparkka
qiziqishni oshirmoqda. Qisqa vaqtda uning rezidentlari soni 300 dan ortdi.
Soha rivojiga yanada keng sharoit yaratish maqsadida bu
yerda yana yettita lotda qurilish qilinib, IT-ofislar, biznes markazi,
mehmonxona va boshqa binolar barpo etish rejalashtirilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu yangi bosqich qurilishiga
tamal toshi qo‘ydi.
Texnoparkda yillik ishlab chiqarish quvvati 2020-yilda 10 million dollardan ortishi, 2025-yilda esa 100 million dollarga yetishi ko‘zda tutilgan. Loyihaning umumiy qiymati 150 million dollar.
Davlatimiz rahbari bu yerda faoliyat yuritayotgan mutaxassislar bilan suhbatlashdi.
- Bugun O‘zbekiston barcha sohalarda o‘zini namoyon etmoqda. O‘z vaqtida axborot texnologiyalariga e’tibor qaratganimiz yaxshi natijalar bermoqda. Bitta dasturiy mahsulot davlatimizga qancha naf keltiradi, korrupsiya, byurokratiyani bartaraf etadi, odamlarga qulaylik yaratadi. Har doim yodda tutinglarki, sizlarning ishingiz judayam muhim, - dedi Prezident.
2019-11-20