Joriy yilning 5-iyul kuni The Crossroads xalqaro kompaniyasi IT Park’ga tashrif buyurdi.
Uchrashuvda IT Park direktori xalqaro faoliyat rahbari o‘rinbosari Bohodir Ayupov, IT Park raqamli transformatsiya bo‘limi boshlig‘i Anastasiya Filippova, shuningdek, the Crossroads asoschilari Nikoloz Kobakhidze va Swethal Kumar, biznesni rivojlantirish menejeri Nino Lortkipanidze ishtirok etishdi.
Uchrashuv davomida har ikkala tomon IT Park va O‘zbekiston startap-loyihalarining Tbilisida o‘tkaziladigan Crossroads tadbirida ishtirok etish imkoniyatlarini muhokama qilishdi. Mazkur tashabbus istiqbolli mahalliy startaplarga xalqaro bozorga chiqish, o‘z faoliyatini kengaytirish va keyinchalik o‘z loyihalarini rivojlantirish uchun investitsiya jalb qilishga imkon beradi.
Qolaversa, Crossroads O‘zbekistonga ham kirib kelishi mumkin. Ushbu chora-tadbirni O‘zbekiston hududida o‘tkazish davlatimizda startap ekotizimini rivojlantirishga turtki bo‘ladi, shuningdek, asosiy mahalliy hamkorlarni va startaplar sohasidagi yirik kishilarni jalb qilishga imkon beradi.
Suhbat davomida, xususan, IT sohasida xotin-qizlarni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish mavzusi ham muhokama qilindi.
Tadbir yakunida, tomonlar startap ekotizimini rivojlantirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidam kelishuvga erishdilar.
Ma’lumot o‘rnida:
The Crossroads - bu startap ekotizimini takomillashtirish va hududiy startap markazini yaratish maqsadida yaratilgan yangi platformadir. Gruziyaning yangi brendi bilan bog‘liq birinchi yirik tadbir joriy yilning sentabr oyida o‘tkaziladi. Unda turli xil startaplar, investorlar va boshqa muhim ishtirokchilar: davlat organlari, regulyatorlar, akseleratorlar, inkubatorlar, akademiklar, mentorlar, liderlar, korporativ innovatsion laboratoriya va boshqa xizmat ko‘rsatuvchi provayderlar bir-birlari bilan tanishish va biznes aloqalarini o‘rnatish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
2021-07-07