Yaponiyaga tashrif doirasida O‘zbekiston raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov va IT Park Uzbekistan bosh direktori Abdulaxad Kuchkarov Yaponiyada axborot texnologiyalari sohasida faoliyat yuritayotgan va startaplarni rivojlantirayotgan o‘zbekistonlik vatandoshlar bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekistonning raqamli iqtisodiyotini rivojlantirish, startaplar va IT-mutaxassislar uchun imkoniyatlar, shuningdek, xorijdagi o‘zbek diasporasi bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar.

Tadbir davomida Raqamli texnologiyalar vaziri O‘zbekiston startap ekotizimining hozirgi holati va rivojlanish dinamikasi, shuningdek, raqamli islohotlarning asosiy natijalari haqida ma’lumot berdi. Startaplarga kiritilayotgan investitsiyalar hajmining o‘sishi, xalqaro akseleratsiya dasturlarining kengayishi va mamlakatning global texnologik xaritadagi o‘rnini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi.
“Bugungi kunda O‘zbekiston jahon startap ekotizimiga faol qo‘shilmoqda. Xalqaro investorlar va hamkorlar tomonidan yuqori qiziqish kuzatilmoqda va xorijdagi vatandoshlarimiz O‘zbekiston bilan global bozorlar o‘rtasida muhim ko‘prik bo‘lishiga ishonch bildiramiz,” — dedi Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov.

Uchrashuvning alohida qismi xorijda ishlayotgan vatandoshlarimiz uchun IT Park Uzbekistan tomonidan taqdim etilayotgan imkoniyatlarga bag‘ishlandi. IT Park Uzbekistan bosh direktori O‘zbekistonni biznes va muhandislik jamoalarini rivojlantirish uchun markaz sifatida baholayotgan kompaniyalar uchun amaldagi soliq imtiyozlari, akseleratsiya dasturlari, startaplarni qo‘llab-quvvatlash choralari va softlanding mexanizmlari haqida so‘zlab berdi.
“Biz kompaniya asoschilari va tadbirkorlar biznesni ortiqcha to‘siqlarsis yo‘lga qo‘yishi va kengaytirishi mumkin bo‘lgan ekotizimni yaratdik. Yaponiyada ishlayotgan vatandoshlarimiz uchun O‘zbekiston iste’dodlardan foydalanish, raqobatbardosh sharoitlar va davlat ko‘magini birlashtiruvchi operatsion va muhandislik platformasiga aylanishi mumkin,” — deya ta’kidladi Abdulaxad Kuchkarov.

Uchrashuvda Yaponiyadagi yetakchi xalqaro kompaniyalar va texnologik loyihalarda faoliyat yuritayotgan yigirmadan ortiq o‘zbekistonlik mutaxassislar va startap asoschilari ishtirok etdi. Ishtirokchilar Yaponiya bozoriga kirishning amaliy masalalari, investitsiyalarni jalb qilish, shuningdek, hamkorlikning mumkin bo‘lgan shakllarini muhokama qildilar.
Tadbirda “UPJ — Uzbek Professionals of Japan” vakillari faol ishtirok etdi.
Uchrashuv yakunida Yaponiyada faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik mutaxassislar so‘nggi yillarda O‘zbekiston startap ekotizimida ro‘y bergan ijobiy o‘zgarishlarni, shuningdek, texnologik biznesni rivojlantirish uchun yaratilgan sharoitlarni yuqori baholadilar. Tomonlar o‘zaro manfaatdorlik, amaliy hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanliklarini ta’kidlab, ikki mamlakat o‘rtasidagi texnologik va innovatsion aloqalarni mustahkamlash uchun aniq yo‘nalishlarni belgilab oldilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar tizimli muloqotni davom ettirish va o‘zbekistonlik vatandoshlarimizning bilimi, tajribasi va xalqaro aloqalarini O‘zbekistonning raqamli iqtisodiyotini rivojlantirishga jalb etishga qaratilgan hamkorlikning aniq mexanizmlarini ishlab chiqishga kelishib oldilar. Bunday uchrashuvlarning o‘tkazilishi mamlakatning global IT-hamjamiyatni mustahkamlash va davlat hamda xorijdagi o‘zbekistonlik mutaxassislar o‘rtasida barqaror aloqa yo‘llarini yaratishga xizmat qiladi.
2025-12-23