2021-yil 22-may sanasida Toshkent pediatriya tibbiyot institutida universitet talabalari oʻz shaxsiy startaplarini amalga oshirishlari uchun inkubatsiya markazi ochildi.
Onlayn tarzda boʻlib oʻtgan ochilish marosimida IT Park direktorining innovatsiyalar boʻyicha oʻrinbosari Jaxongir Rajabov, OTM oʻquv ishlari boʻyicha prorektori Qaxramon Xaitov, Yoshlar ishlari boʻyicha rektor maslahatchisi Xasanxoʻja Abidov va “Andromed Elite” xususiy klinikasi direktori Sarvar Akbarov ishtirok etdilar.
Ochilish vaqtida Qaxramon Xaitov tabrik soʻzi bilan chiqib ushbu tadbir talabalarning IT loyihalarini yangi bosqichga olib chiqishini va buning uchun ularga har tomonlama koʻmak koʻrsatilishini taʼkidladi.
Jaxongir Rajabov, oʻz navbatida, tibbiyot sohasida axborot texnologiyalarini rivojlantirish muhim va dolzarb ekanligini taʼkidladi.
Maxsus taklif qilingan mehmon – “Andromed Elite” xususiy klinikasi direktori Sarvar Akbarov “Talabadan direktorgacha” mavzusida taqdimot qildi hamda tibbiyot sohasida biznes yaratish va yuritish tajribasi haqida gapirdi.
Ushbu inkubatsiya markazi talabalarga startap ekotizimi sohasida asosiy va fundamental bilimlarni oʻzlashtirishga imkon beradi, shuningdek kichik texnologik loyihalar yaratish uchun qulay sharoit yaratadi.
Maʼlumot uchun:
Bugungi kunga qadar Oʻzbekistonda 13 ta inkubatsiya markazlari ochilgan, ulardan 9 tasi Toshkentda, 3 tasi Qarshida va 1 tasi Samarqandda.
Inkubatsiya markazlarini tashkil etishdan maqsad iqtidorli yoshlar orasida yaratilgan innovatsion loyihalarning sifati va sonini koʻpaytirishdir.
Toshkent pediatriya tibbiyot instituti inkubatsiya markazi veb saytiga havola: imed.tashpmi.uz
2021-05-25