Joriy yilning 2-aprel kuni Toshkent shahridagi Amity universitetida “ITWomenUz 2021” loyihasi bitiruvchilarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu loyiha O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, IT Park, shuningdek, Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirligi tomonidan UzCard, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent shahridagi Inha universiteti va Toshkent shahridagi Amity universiteti ko‘magida tashkil etildi.
Taqdirlash marosimida O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi vakillari, IT Park innovatsiyalarni rivojlantirish bo‘yicha direktor o‘rinbosari Jahongir Rajabov, Toshkent shahridagi Amity universiteti rektori Bobur Abdullayev, TATU va Inha universiteti vakillari, UzCard bosh direktori Farrux Ziyayev hamda loyiha ishtirokchilari ishtirok etishdi.
Tadbir davomida tashkilotchilar motivatsion nutq so‘zladi.
Ishtirokchilar tashkil etilgan loyiha va yangi narsalarni o‘rganish va rivojlanish uchun taqdim etilgan imkoniyat uchun tashkilotchilarga o‘z minnatdorchiliklarini bildirdi.
Loyihaning asosiy maqsadi ayollar daftari tarkibiga kiritilgan ayollar uchun axborot texnologiyalari sohasida taʼlim olish va ish bilan taʼminlanish imkoniyatini yaratishdir.
Loyiha 35 yoshgacha boʻlgan kam ta’minlangan qizlarni tadbirkorlik va axborot texnologiyalari koʻnikmalariga oʻrgatishga moʻljallangan kurslarni o‘z ichiga oladi.
2021-yil 17-fevraldan 4-martgacha bo‘lib o‘tgan loyihaning birinchi bosqichida 2000 dan ortiq ayollar kurslardan o‘tdi va kurs davomida zamonaviy texnologiyalarga doir bilimlarini oshirish, kompyuter savodxonliklarini rivojlantirish, sayt yaratishda asosiy ko‘nikmalarni o‘zlashtirish, shuningdek, kompyuter dizayni sohasidagi amaliy ko‘nikmalarni egallashga muvaffaq bo‘lishdi.
Loyiha bitiruvchilari haqida viloyatlar bo‘yicha statistik ma’lumot:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi: 130
Jizzax viloyati: 75
Andijon viloyati: 52
Navoiy viloyati: 72
Farg‘ona viloyati: 91
Namangan viloyati: 22
Buxoro viloyati: 79
Toshkent viloyati: 44
Surxondaryo viloyati: 71
Sirdaryo viloyati: 173
Samarqand viloyati: 70
Qashqadaryo viloyati: 128
Xorazm viloyati: 169
Toshkent shahri: 52
Kursni muvaffaqiyatli yakunlagan 1228 nafar ayollarga maqtov yorliqlari va turli sovg‘alar topshirildi.
2021-04-05