Toshkentda aloqa va raqamli taraqqiyot sohasidagi hududiy hamkorlik masalalari muhokama qilindi

Markaziy Osiyoda ilk bor O‘zbekistonda o‘tkazilgan “M360 GSMA Eurasia” 2025 forumi doirasida Aloqa sohasida Hududiy Hamdo‘stlik (ASHH)ga a’zo davlatlar aloqa ma’muriyatlari rahbarlari Kengashining 63-yig‘ilishi hamda MDHga a’zo davlatlarning Axborotlashtirish bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengashining 31-yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishga Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov raislik qildi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi bilan bir qatorda Belarus Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston Respublikasi, Turkmaniston, Mo‘g‘uliston aloqa ma’muriyatlari rahbarlari va vakillari ishtirok etishdi. Shu bilan birga Afg‘oniston delegatsiyasi kuzatuvchi sifatida qatnashdi.

2022-yilda birinchi bor Aloqa sohasidagi Hududiy Hamdo‘stlikka a’zo davlatlarning Aloqa ma’muriyatlari rahbarlari kengashi raisi etib saylangan (https://t.me/mitcuz/8689) Raqali texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, joriy tadbir doirasida yana 3 yilga ushbu lavozimga qayta saylandi. Bu esa O‘zbekistonning mintaqaviy IT markaziga aylanish yo‘lida muhim va strategik ahamiyatga ega qadam sifatida baholandi.

Mazkur yuqori darajadagi uchrashuv doirasida mintaqaviy raqamli integratsiya, telekommunikatsiya infratuzilmasini keng rivojlantirish, axborot xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, sun’iy yo‘ldosh texnologiyalariga asoslangan aloqa tizimlarini yanada kengaytirish kabi eng dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Tadbirda xalqaro hamkorlikning muhim tarkibiy qismi sifatida Xalqaro elektraloqa ittifoqi (МСЭ), Umumjahon pochta ittifoqi (UPU), Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasining (YEIK) MDH mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy byurosi, MDH Ijroiya qo‘mitasi, shuningdek, Davlatlarning parlamentlararo assambleyasiga a’zo davlatlar Kengashi kotibiyati vakillari ham taklif etilgan ishtirokchilar sifatida faol qatnashdilar.

Tadbir davomida mintaqaviy hamkorlikning yangi bosqichiga o‘tish, ilg‘or texnologiyalar asosida raqamli iqtisodiyotni yanada rivojlantirish, adolatli rouming siyosatini shakllantirish va xalqaro miqyosda o‘zaro qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yanada kuchaytirish borasida hamkorlik aloqalarini mustahkamlash bo‘yicha qator strategik qarorlar qabul qilinishi rejalashtirildi.

2025-05-23