Toshkentda Open Data Challenge hakatoni oʻtkaziladi

24-26-yanvar kunlari “Yangi Oʻzbekiston” universitetida IT Park tomonidan YeXHTning Oʻzbekistondagi loyihalari koordinatori hamkorligida, Statistika agentligi va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi koʻmagida “Open Data Challenge” hakatoni boʻlib oʻtadi.

“Open Data Challenge” — bu ochiq maʼlumotlardan foydalangan holda texnologik yechimlar ishlab chiqishga bagʻishlangan har yillik hakaton. Tanlov davlat va mahalliy boshqaruv organlarining ochiq maʼlumotlaridan ijtimoiy va iqtisodiy foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, soha boʻyicha professional hamjamiyat tashkil etish, shuningdek, davlat va mahalliy boshqaruv organlari hamda hakaton ishtirokchilari uchun tegishli koʻnikmalarni rivojlantirishga qaratilgan.

Texnologik yechimlar quyidagi toifalardan birida taqdim etilishi lozim:

• davlat sektori;

• biznes sektori;

• korrupsiyaga qarshi kurashish;

• ijtimoiy sektor.

Hakaton barcha istaganlar uchun ochiq. Ishtirokchilar barcha tadbirlarda qatnashishlari, ochiq maʼlumotlardan foydalangan holda raqamli yechimlar (ilovalar, xizmatlar, qurilmalar) ishlab chiqishlari va oʻz kodlarini “GitHub” platformasida taqdim etishlari shart. Arizalar ham yakka tartibda, ham jamoaviy (jamoada uch kishigacha) qabul qilinadi.

Tadbir doirasida toʻrtta asosiy yoʻnalish boʻyicha dastlabki tanlovlar, ochiq maʼlumotlardan foydalanish boʻyicha soha mutaxassislari ishtirokida ixtisoslashtirilgan mahorat darslari, shuningdek, hakatondan oldin ochiq maʼlumotlar boʻyicha 4 ta onlayn vebinar va 1 ta oflayn seminar oʻtkaziladi:

• 24-dekabr — davlat sektori boʻyicha vebinar;

• 26-dekabr — biznes sektori boʻyicha vebinar;

• 7-yanvar — korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha vebinar;

• 9-yanvar — ijtimoiy sektor boʻyicha vebinar;

• 17-yanvarda hakaton ishtirokchilari uchun ochiq maʼlumotlar bilan ishlash boʻyicha seminar boʻlib oʻtadi.

Roʻyxatdan oʻtish uchun havola 20-yanvargacha ochiq: https://docs.google.com/forms/d/1SG5M7IMDjzDAiBKIX6xl3aFwkgAKhqd5Arfw5iQs8XY/edit

2024-12-20