Toshkentda “Open Data Challenge” hakatoniga start berildi

Shu yil 13-dekabr kuni Toshkentdagi Turin politexnika universitetida ochiq maʼlumotlar boʻyicha har yili oʻtkaziladigan “Open Data Challenge” hakatonining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyihalarni boshqarish milliy agentligi, Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalarining texnologik parki (IT-Park), YeXHTʼning Oʻzbekistondagi loyihalari koordinatori, Jahon banki, BMTʼning Oʻzbekistondagi Taraqqiyot dasturi, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti va Toshkent shahar hokimiyati tomonidan tashkil etildi.

“Open Data Challenge” hakatoni – bu har yili oʻtkaziladigan ochiq maʼlumotlardan foydalangan holda ilovalarni ishlab chiqish boʻyicha tanlovdir. Tadbirning maqsadlari dasturiy taʼminotni ishlab chiqaruvchilarning professional hamjamiyatini rivojlantirish, davlat va mahalliy hokimiyat organlari vakillarining, shuningdek turli sohalardagi hakaton ishtirokchilarining tegishli koʻnikmalarini rivojlantirish, ochiq maʼlumotlar sohasida davlat va mahalliy hokimiyat organlarining ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini amalga oshirishdir. Bundan tashqari, hakaton doirasida “Maʼlumotlar jurnalistikasi, maʼlumotlarni vizualizatsiya qilish, maʼlumotlarni qayta ishlash dasturi” treningi asosida data-jurnalistika boʻyicha tanlov oʻtkaziladi.

Hakaton doirasida quyidagi yoʻnalishlar taqdim etiladi: davlat sektori, ijtimoiy sektor va biznes uchun ochiq maʼlumotlar, ularni yaratish va oʻzgartirish, shuningdek, maʼlumotlar jurnalistikasi (maʼlumotlarni qayta ishlash va ulardan jurnalistika materiallarini yaratishda foydalanish asosidagi jurnalistika yoʻnalishi).

Tanlovda ishtirok etish jarayonida ishtirokchilar ochiq maʼlumotlardan foydalangan holda aniq raqamli yechimlarni (ilova, xizmat, elektron qurilma) ishlab chiqa olishlari kutilmoqda.

Shu yil 1-oktyabrdan 1-dekabrgacha tanlovda qatnashish uchun arizalarni qabul qilish amalga oshirildi. Oʻzbekistonning barcha hududlaridan 400 ga yaqin arizalar qabul qilindi.

Arizachilar orasida eng ommabop yoʻnalishlar ijtimoiy soha uchun ochiq maʼlumotlar (30%), undan keyin davlat sektori uchun ochiq maʼlumotlar (29%), biznes uchun ochiq maʼlumotlar (23%), shuningdek maʼlumotlarni oʻzgartirish va yaratish (18%) boʻldi.

Ixtisosliklar boʻyicha talabgorlar sifatida dasturchilar (68%), marketologlar (9%), dizaynerlar (7%), mahsulot menejerlari (4%), bir-biriga yaqin sohalar mutaxassislari (4%) va boshqa kasb vakillari (8%) ishtirok etishdi.

Tadbir doirasida ishtirokchilar ochiq maʼlumotlar va ularni Oʻzbekistonda yanada rivojlantirish istiqbollari, maʼlumotlar jurnalistikasi, shuningdek maʼlumotlar bazasini yaratish masalalari boʻyicha maʼruzalarni tinglashadi.

Shuningdek, yetakchi mutaxassislar ishtirokida treninglar oʻtkaziladi. Xususan, virtual reallik (VR) sohasi mutaxassisi va amaliyotchisi Akmal Solihov oʻz nutqida maʼlumotlarni vizualizatsiya va manipulyatsiya qilish vositalari, shuningdek VR dasturlarini ishlab chiqish vositalari haqida soʻzlaydi. Sarvar Abdullayev Python tilidagi Panda va ScikitLearn paketlaridan foydalangan holda maʼlumotlarni tahlil qilish asoslari bilan tanishtiradi. Jasur Xoʻjayev ishtirokchilar bilan maʼlumotlarni yaratishdagi boʻshliqlarni toʻldirishni muhokama qiladi, Artur Pak-Vartanyan esa, taqdimot sanʼatining koʻnikmalari bilan boʻlishadi. Bundan tashqari, Jahon bankining xalqaro maslahatchilari Yuriy Linkov, Irina Bernal, Stela Leuka murabbiylar sifatida ishtirok etdilar.

2019-12-13