Poytaxtimizda qizlar o‘rtasida TumarisHack Markaziy Osiyo onlayn hakatoni g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Musobaqada ishtirokchilar ikki kun davomida murabbiylar ko‘magida misollarga yechim topish va keyingi bosqichda hakamlar hay’atiga taqdim etish uchun ilovalar prototiplarini yaratish ustida ishladilar.
Tadbir IT Park tomonidan USAID tadbirkorlik va biznes muhitini rivojlantirish loyihasi, Beeline Uzbekistan raqamli operatori, TBC Bank va Wonder Women hamjamiyati ko‘magida tashkil etildi.
Tanlov 4 ta yo‘nalishda o‘tkazildi: FinTech, E-commerce, DeepTech, Wonder Women. Tanlangan yo‘nalish bo‘yicha ishtirokchilar yechim taqdim etishlari kerak edi. Xususan, Wonder Women yo‘nalishi shartiga ko‘ra, Wonder Women APP ilovasida foydalanuvchi xabarlari va postlarining “kayfiyat”ini aniqlab unga mos ravishda rang tanlovchi texnologiyani ishlab chiqish yoki faqat ayollar uchun ilovada avtorizatsiya qilish usulini ishlab chiqish lozim edi.
Tanlov natijalariga ko‘ra, birinchi o‘rin uy hayvoni sog‘ligini kuzatish imkonini beruvchi PeTag loyihasini ishlab chiqqan “DNK” jamoasiga nasib etdi. Talabalar interaktiv shaklda ta’lim olishlari mumkin bo‘lgan neyron tarmoqlardan foydalanadigan tibbiyot muassasalari uchun o‘quv platformasi loyihasini taqdim etgan “From MADE to top” jamoasi tanlovning kumush medali sovrindori bo‘ldi. Navbatlar muammosini hal qilish uchun supermarketlar va savdo nuqtalari uchun ekotizim loyihasini ishlab chiqqan “Fazo” jamoasi uchinchi o‘rinni egalladi.
G‘oliblarga sovg‘alar tadbirning raqamli hamkori Beeline Uzbekistan, TBC Bank va IT Park tomonidan topshirildi. Birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan jamoaga iPad 12, ikkinchi o‘ringa — iPhone 13, uchinchi o‘rin egalariga esa “Яндекс.Станция Макс” dinamiklari topshirildi. Bundan tashqari, 2 va 3-o‘rinlarni qo‘lga kiritgan jamoalar “Beeline” korporativ universitetida tashkil etiladigan treninglarda ishtirok etish uchun sertifikatlarga ega bo‘ldi.
Wonder Women nominatsiyasi bo‘yicha g‘oliblar:
– StudyPool – API orqali matnni qabul qilish, filtrlash va tahlil qilishning noyob funksiyasi hamda natijani keyinchalik relyatsion jadvallarga o‘tkazish imkoniyatini amalga oshirganligi uchun. Bu orqali salbiy xabarlar va istalmagan xabar jo‘natuvchilari bilan kurashiladi;
– GGG– ayollarga servis doirasida xavfsiz muloqot qilish imkonini beruvchi ilovadagi maxsus avtorizatsiya loyihasini ishlab chiqqanligi uchun;
– Mind Optimizer – faqat ayollar uchun ilovada maxsus avtorizatsiyani ishlab chiqqani uchun.
Eslatib o‘tamiz, hakatonda ishtirok etish uchun jami 550 ta ariza topshirildi. Musobaqaning yakuniy bosqichida 85 ta jamoa ishtirok etdi, ulardan 47 tasi “Demo Day”gacha yetib keldi. Ishtirok etish uchun Qozog‘istondan 202 ta, O‘zbekistondan 186 ta, Qirg‘izistondan 82 ta, Tojikistondan 35 ta, Turkmanistondan 28 ta, boshqa hududlardan 17 ta ariza qabul qilindi.
2022-06-17