“Toyota Group”ning asosiy ishtirokchilaridan biri va metallurgiya, logistika, mashinasozlik, elektronika va axborot texnologiyalari kabi sohalarda jahon yetakchisi boʻlgan “Toyota Tsusho Corporation” Oʻzbekiston IT sohasi bilan hamkorlikning yangi imkoniyatlarini faol oʻrganmoqda. IT Park Uzbekistan bosh ofisida boʻlib oʻtgan uchrashuvda “Toyota Tsusho” kompaniyasining Oʻzbekistonda vakolatxonasini ochish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Uchrashuv IT Park Uzbekistan xizmatlar eksportini rivojlantirish boʻyicha direktori Mahliyo Muksinova boshchiligida o‘tkazildi. “Toyota Tsusho” kompaniyasi tomonidan muzokaralarda korporatsiya shtab-kvartirasi bosh menejeri Eyji Yatabe, katta mutaxassis Yuki Yamashita va loyiha rahbari Kadzuxiko Ishikava ishtirok etdi.
IT Park vakillari Oʻzbekiston IT-sanoatining jadal oʻsishi haqida batafsil maʼlumot berib, mamlakatning yuqori kadrlar salohiyati, davlat imtiyozlari va mintaqaviy raqamli innovatsiyalar markazi sifatidagi strategik joylashuvini alohida taʼkidladilar. Ushbu afzalliklar “Toyota Tsusho” delegatsiyasida katta qiziqish uygʻotdi va ular Oʻzbekistonda IT-autsorsing markazini tashkil etish boʻyicha Tokiodagi rahbariyat bilan yakuniy ichki muhokamalarni oʻtkazishmoqchi.
71 milliard dollarlik investitsiya portfeli va butun dunyo boʻylab 150 dan ortiq ofislarga ega “Toyota Tsusho” Oʻzbekistonni bek-ofis operatsiyalarini kengaytirish uchun strategik maydon sifatida koʻrib chiqmoqda. Kompaniya Oʻzbekistonda oʻz vakolatxonasini ochib ulgurgan hamda “Uztelecom” va “Uzinfocom” bilan birgalikda optik aloqa liniyalarini oʻrnatish kabi loyihalarda ishtirok etmoqda.
Muhokamalar Oʻzbekistonda “Toyota Tsusho” korporatsiyasini roʻyxatdan oʻtkazish va Oʻzbekiston ofisidan mintaqaviy hab sifatida foydalangan holda qoʻshni bozorlarga IT-xizmatlarni taqdim etish imkoniyatlariga, shu jumladan raqamli transformatsiya (DX) loyihalarini oʻrganishga qaratildi. Ushbu hamkorlik “Toyota Tsusho”ga mamlakatning yuqori malakali mutaxassislari va strategik imkoniyatlaridan foydalanish imkoniyatini yaratib, Oʻzbekiston IT-sektorini rivojlantirishga salmoqli hissa qoʻshishi mumkin.
2024-09-20