IT Park rezident kompaniyalari haqida gapirib beradigan ruknimizni davom ettiramiz. “TrustMe Uzbekistan” kompaniyasi bosh direktori Miras Seitov yaqinda bergan intervyusida o‘zining startap sayohati bilan o‘rtoqlashdi, nima uchun O‘zbekistonni tanlagani va o‘zlarining innovatsion loyihasi uchun kelgusidagi rejalari haqida gapirib berdi.
“TrustMe” kompaniyasi 2020-yilda ishga tushirilgan va bosh ofisi Qozog‘istonning Ostona shahrida joylashgan. Kompaniyaning asosiy mahsuloti blokcheyn texnologiyasidan foydalangan holda SMS texnologiyasi yordamida atigi 90 soniya ichida ishonchli shartnomalar tuzish uchun B2B SaaS xizmati hisoblanadi.
“TrustMe” bozorga 2022-yilning may oyida kirib kelganidan beri kompaniya o‘zining innovatsion yechimidan foydalanishga tayyor bo‘lgan 900 dan ortiq kompaniyalarning e’tiborini tortdi. Bu vaqt ichida xodimlar soni 20 dan 75 nafargacha oshdi va kompaniyaning o‘sish sur’atlari hayratlanarli edi.
Bosh direktorning so‘zlariga ko‘ra, loyihaning asosiy missiyasi odamlar hayotini yaxshilashga qaratilgan. “TrustMe” kompaniyasining ulkan maqsadi – Markaziy Osiyodagi birinchi “yakkashox” bo‘lish.
Miras ta’kidlaganidek, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarbayjonda biznes yuritish juda samarali bo‘ldi. Dastur doirasida jamoa venchur fondlari va har bir mamlakatning eng yaxshi startaplari bilan birgalikda ishtirok etdi. O‘zbekistonga qilingan tashrif davomida ular muvaffaqiyatli tajribalar o‘tkazishdi, bu esa turli mamlakatlardagi shartnomalar sohasidagi muammolar o‘xshashligini tasdiqladi. Shu tariqa jamoa loyihani O‘zbekistonda boshlashga qaror qildi.
Toshkent shahrida yangi filialning ochilishi keyingi bosqichga aylandi, deydi mutaxassis. Shartnomalarni imzolashning elektron usullari uchun qulay shart-sharoitlarga ega O‘zbekiston mantiqiy qadam bo‘ldi. “TrustMe” kompaniyasi allaqachon turizm, ta’lim va ko‘chmas mulk sohalarida o‘z mijozlarini topishga ulgurdi.
Endilikda startap nafaqat innovatsion yechimlarni taqdim etibgina qolmay, mintaqada IT-sohasini rivojlantirishga ham o‘z hissasini qo‘shmoqda, O‘zbekistondagi IT Park tomonidan berilayotgan soliq imtiyozlari esa kompaniyaga o‘sish uchun qo‘shimcha turtki beradi.
Kelajakka nazar solar ekan, Miras “TrustMe” kompaniyasini butun dunyo bo‘ylab minglab xodimlar va ofislarga ega global korporatsiya sifatida ko‘radi. U O‘zbekiston bozoriga ishonadi va o‘z jamoasi bilan birgalikda bu yil 1000 dan ortiq kompaniyaga xizmat ko‘rsatish, Markaziy Osiyodagi birinchi “yakkashox”ga aylanish va 85 000 kompaniya bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni maqsad qilgan.
2024-02-08