Turkiyaning “Tempo BPO” kompaniyasi oʻzbekistonlik IT-mutaxassislarni jalb etishni koʻrib chiqmoqda

IT Park Uzbekistan bosh direktori Farhod Ibragimov boshchiligidagi delegatsiya Istanbulga amaliy tashrifi doirasida Turkiyaning “Tempo BPO” kompaniyasi vakillari, direktorlar kengashi aʼzosi janob Jamol rahbarligida uchrashuv oʻtkazdi.

“Tempo BPO” — bosh qarorgohi Istanbulda joylashgan turk kompaniyasi boʻlib, 2002-yilda tashkil etilgan. Kompaniya axborot texnologiyalari va mijozlar tajribasini boshqarish sohasida xizmatlar koʻrsatishga ixtisoslashgan. 

 

Uchrashuvda “Tempo BPO” kompaniyasiga Oʻzbekistonda ITes biznesini soddalashtirilgan va samarali yuritish uchun yaratilgan imkoniyatlar taqdim etildi. Xususan, uchrashuv ishtirokchilarida “Zero Risk” dasturi qiziqish uygʻotdi. Mazkur dastur doirasida autsorsing kompaniyalari mamlakat hududlarida ofis binolarini bepul ijaraga olishlari mumkin. Bundan tashqari, dastur 12 oyga texnik jihozlashni, keyinchalik ularni sotib olish imkoniyati va xodimlar uchun bir qator xarajatlarni qoplashni oʻz ichiga oladi.

Shuningdek, IT Park Uzbekistan jamoasi mamlakatning salmoqli kadrlar zaxirasini taqdim etib, aholining yuqori savodxonlik darajasi — 99,99% ekanligini, hamda mutaxassislarning koʻp tillarni bilishini taʼkidladi. 5 milliondan ortiq kishi ingliz tilini, 1 milliondan ortiq kishi turk tilini, 225 mingga yaqin kishi nemis tilini erkin biladi.

 

Oktyabr oyida “Tempo BPO” kompaniyasi delegatsiyasi mamlakat infratuzilmasi bilan tanishish, shuningdek, nomzodlarning kasbiy mahoratini baholash uchun dastlabki uchrashuvlar oʻtkazish maqsadida Oʻzbekistonga tashrif buyurishni rejalashtirishyapti.

Oʻzbekiston uchun “Tempo BPO” kompaniyasi bilan yoʻlga qoʻyiladigan potensial hamkorlik yangi ish oʻrinlarini yaratish uchun qoʻshimcha turtki boʻladi, mahalliy mutaxassislarga xorijiy kompaniyalarda masofadan turib ishlash orqali yuqori maosh olish imkoniyatini yaratadi. Bu esa mamlakatni tark etmagan holda yirik xalqaro loyihalarni amalga oshirish imkonini beradi.

 

2024-09-06