UNIDO vakillari IT Park'ga tashrif buyurdi

IT Parkda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Sanoatni rivojlantirish tashkiloti (UNIDO) investitsiyalarni rag‘batlantirish bo‘yicha koordinatori janob Jongmin Kim va Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi maslahatchisi janob Ko bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tashrif davomida mehmonlarga IT Park hamda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining IT sohasi rivojiga qo‘shayotgan faoliyati va hissasi haqida so‘zlab berildi. IT-mutaxassislarning malakasini oshirish, eksportga yo‘naltirilgan Koreya IT-kompaniyalarini O‘zbekistonga jalb etish, shuningdek, IT Park rezidentlari va Koreya IT-kompaniyalari o‘rtasida tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda Jongmin Kim Koreyaning “UNIDO ITPO” tashkilotining asosiy tamoyillari haqida so‘zlab berdi. 1986-yilda ilk ofis tashkil etilganidan buyon ITPO tarmog‘i rivojlangan, rivojlanayotgan va o‘tish davri mamlakatlari o‘rtasida investitsion va texnologik hamkorlikni rivojlantirish orqali rivojlanish nomutanosibligini kamaytirishga hissa qo‘shdi. UNIDO tarmog‘i butun dunyo bo‘ylab 9 ta ofisga ega. 

Tomonlar ta’kidlaganidek, Koreyaning “UNIDO ITPO” tashkiloti bilan hamkorlik umumiy farovonlik va barqaror rivojlanishga erishish, shu jumladan, axborot texnologiyalari sohasida O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi strategik sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha samarali faoliyatni yo‘lga qo‘yish imkonini beradi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar hamkorlikka tayyor ekanliklarini bildirdilar hamda O‘zbekiston bozoriga kirish istagida bo‘lgan Koreyaning IT va BPO kompaniyalari bilan bir qator onlayn seminarlar o‘tkazishga kelishib oldilar.

2022-07-04