Uzbek-Korean IT Business Alliance: ikki tomonlama hamkorlikning yangi bosqichi

IT Park Uzbekistanʼda xizmatlar eksportini rivojlantirish boʻyicha direktor Maxliyo Muksinova boshchiligida Koreyaning sakkizta yetakchi kompaniyalaridan iborat “UZBEK-KOREAN IT BUSINESS ALLIANCE” delegatsiyasi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Uchrashuvdan koʻzlangan maqsad Oʻzbekistonning Koreya texnologiyalari va xizmatlari uchun istiqbolli bozor sifatidagi salohiyatini oʻrganish, shuningdek, hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilish, autsorsing xizmatlarini kengaytirish va mahalliy kadrlar salohiyati bilan tanishish boʻldi.

Delegatsiya tarkibidagi kompaniyalar orasida dronlar uchun dasturiy yechimlarni ishlab chiquvchi kompaniyalar — “KoMapper Co., Ltd,” “Jin & Hyun Co., Ltd,” “U&J Co., Ltd,” “Jinair System,” “Bohemianos,” “Skyports Drone Services Korea,” “International Drone Standard Industry Association” va “ACCESSWE” bor edi. Mazkur kompaniyalar autsorsing va Oʻzbekistonga koʻchish imkoniyatlariga qiziqish bildirishdi.

Uchrashuvda Koreya delegatsiyasiga Oʻzbekistonda biznes yuritish imkoniyatlari, jumladan, infratuzilma, hukumat tomonidan qoʻllab-quvvatlash va IT Park Uzbekistan rezident kompaniyalari uchun imtiyozlar taqdim etildi. Qulay ishbilarmonlik muhitiga hissa qoʻshayotgan Oʻzbekistonning IT sohasidagi huquqiy tizimiga alohida eʼtibor qaratildi. Ishtirokchilar, shuningdek, autsorsing va relokatsiyani rejalashtirayotgan kompaniyalar uchun muhim omil hisoblangan mamlakatdagi IT-isteʼdodlarning mavjudligi va darajasini muhokama qildilar.

“Uzbek-Korean IT Business Alliance” boʻyicha hamkorlik doirasida Koreya tomonining Oʻzbekistondagi ofisining ochilish marosimi muhim voqeaga aylandi, shundan soʻng tomonlar Oʻzbekistonga investitsiyalar kiritish imkoniyatlari va Oʻzbekiston-Koreya IT-biznes alyansi doirasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar. Koreya kompaniyalari Oʻzbekistonda oʻz vakolatxonalarini roʻyxatdan oʻtkazish va qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirdilar.

Koreya kompaniyalari, jumladan, “KoMapper Co., Ltd” va “Jin & Hyun Co., Ltd” Oʻzbekistonda oʻz faoliyatlarini kengaytirish istagini bildirdi. Bu birinchi navbatda dronlar uchun dasturiy taʼminot va boshqa texnologik yechimlarni ishlab chiqish uchun mahalliy IT-mutaxassislarni ishga yollashga taalluqli. 2 ta kompaniya allaqachon Oʻzbekistonda oʻz ofislarini ochishga tayyorligini bildirdi.

IT Park Uzbekistan, oʻz navbatida, Koreya kompaniyalarining tashabbuslarini, jumladan, yosh mutaxassislar uchun taʼlim dasturlari, treninglar va amaliyotlarni qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi. Ishtirokchilar ikki mamlakat oʻrtasida tajriba almashish va ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish muhimligini qayd etdilar.

Oʻzbekiston biznesni qoʻllab-quvvatlash uchun turli imtiyoz va dasturlarni taklif qilgan holda investitsiya muhitini yaxshilash ustida faol ishlamoqda. Mamlakat xalqaro xavfsizlik reytinglarida yuqori oʻrinlarni egallashi uni investorlar va sayyohlar uchun jozibador qilib koʻrsatadi. Koreya kompaniyalari biznes yuritish uchun qulay sharoitlarni qayd etib, uzoq muddatli hamkorlikka tayyor ekanliklarini bildirdilar.

IT Park Uzbekistan va Koreya kompaniyalari oʻrtasidagi uchrashuv yuqori texnologiyalar sohasidagi xalqaro hamkorlikning muhimligini koʻrsatdi. Muhokama qilingan rejalar va istiqbollar Koreya kompaniyalarining Oʻzbekistonda faol rivojlanish niyatidan dalolat beradi, bu esa kompaniyalarga ham, butun mintaqaga ham salmoqli foyda keltiradi. Qoʻshimcha maʼlumot olish va yangiliklarni kuzatib borish uchun IT Park rasmiy saytiga tashrif buyurishni va yangiliklarga obuna boʻlishni tavsiya qilamiz.

2024-07-30