IT Park Uzbekistan vakillari bosh direktor Abdulahad Kuchkarov rahbarligida KIT Global kuzatuv kengashi raisi Pavel Yurovitskiy bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda hamkorlik istiqbollari, jumladan, O‘zbekistonda mutaxassislarni yollash va KIT Global faoliyatini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
KIT Global — bu performance-marketing sohasida 20 yildan ortiq tajribaga ega bo‘lgan, dunyo miqyosida tan olingan kompaniya. Kompaniya SEO, SMM, CPA, mobil marketing va veb-ishlab chiqishni o‘z ichiga olgan to‘liq 360° marketing xizmatlarini taqdim etadi. 5 000 dan ortiq global brendlarga xizmat ko‘rsatadigan KIT Global 35 dan ortiq raqamli yevhimlarni taklif etadi. Kompaniyaning bosh ofisi Budapeshtda (Vengriya) joylashgan bo‘lib, Jakarta (Indoneziya), Gurgaon (Hindiston), Madrid (Ispaniya) va Xoshimin (Vyetnam) shaharlarida ofislarga ega. Kompaniyaning yillik daromadi $10 milliondan $20 milliongacha baholanadi.
Asosiy kelishuvlar
KIT Global O‘zbekistonda yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tdi va IT Park rezidentligi uchun ariza topshirdi. Kompaniya Osiyo bozorlariga, xususan Janubi-Sharqiy Osiyoga yo‘naltirilgan faoliyatni rejalashtirmoqda. O‘zbekiston esa bu yo‘nalishda asosiy strategik baza sifatida tanlangan.
KIT Global "Mintaqaviy HQ" dasturiga qo‘shildi va O‘zbekiston tomonidan servis kompaniyalari uchun taklif qilinayotgan soliq imtiyozlari dunyoning ko‘plab hududlarida mavjud emasligini alohida ta’kidladi. Bu omil kompaniya uchun mamlakatni tanlashda muhim rol o‘ynagan.
Kompaniya vakillari O‘zbekiston tomonidan servis kompaniyalari uchun taqdim etilayotgan noyob soliq imtiyozlarini yuqori baholab, mahalliy mutaxassislarni yollash orqali jamoani kengaytirish rejalari borligini bildirdi.
IT Park Uzbekistan va KIT Global o‘rtasidagi hamkorlik mamlakat va mintaqada raqamli xizmatlar eksportini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochadi. Xalqaro kompaniyaning O‘zbekistonga kirib kelishi nafaqat mamlakatning raqamli innovatsiyalar markazi sifatidagi mavqeini mustahkamlaydi, balki startap ekotizimini rivojlantirish, ilg‘or texnologiyalar almashinuvi va iqtidorli mutaxassislar uchun yangi ish o‘rinlari yaratishga salmoqli hissa qo‘shadi. Bu O‘zbekistonning yirik xalqaro IT-kompaniyalar uchun tobora jozibador bo‘lib borayotganini va ularning istiqbolli Osiyo bozorlarida hamkorlikka bo‘lgan qiziqishini yana bir bor tasdiqlaydi.
2025-05-29