Uzbekistan Outsourcing Conference: Ruminiya kompaniyalari uchun mamlakat salohiyatini namoyish etish maydoni

Buxarestda O‘zbekistondagi jadal rivojlanayotgan autsorsing bozori bilan Yevropa biznesi o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash maqsadida “Uzbekistan Outsourcing Conference” tadbiri o‘tkazildi. Tadbirning asosiy hamkorlari “EPAM Systems”, “Net-Connect Group” va “Accesa” kabi yetakchi xalqaro kompaniyalar bo‘ldi.

Tadbirda IT, xizmat ko‘rsatish, konsalting va boshqa sohalardan 85 ta kompaniyaning 100 nafardan ortiq vakili ishtirok etdi. Ishtirokchilar orasida “Atruvia”, “Accesa”, “Expleo Group”, “TDCX”, “Varicent”, “Netex Group”, “TMC Romania”, “Software Development Academy” va “Oben Technology” kompaniyalari bor edi.

Konferensiyani IT Park Uzbekistan bosh direktori Farhod Ibragimov ochib, O‘zbekistonning strategik hamkor va IT-xizmatlar provayderi sifatidagi ulkan salohiyatini ta’kidladi. U o‘z nutqida mamlakatning IT-kompaniyalarni kengaytirish uchun afzalliklarini, jumladan, soliq imtiyozlari, yosh malakali mutaxassislarning ulkan zaxirasi, shuningdek, xorijiy investorlar uchun qulay shart-sharoitlarni alohida qayd etdi.

Bundan tashqari, IT Park Uzbekistan vakillari IT-biznes uchun davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash dasturlari va imtiyozlarni taqdim etdilar. “Zero Risk” dasturi ishtirokchilarda alohida qiziqish uyg‘otdi. Bu dastur eksportga yo‘naltirilgan IT-kompaniyalarga 12 oygacha ofis binolari va uskunalar taqdim etish bilan birga, xodimlarni o‘qitish xarajatlarini qoplashni ham nazarda tutadi.

Konferensiya ma’ruzachilari orasida “EPAM Systems” kompaniyasi vakili so‘zga chiqib, O‘zbekistonning o‘sib borayotgan bozoridagi muvaffaqiyat strategiyalari haqida ma’lumot berdi. U mamlakatning soliq imtiyozlari va yuqori malakali ishchi kuchi tufayli biznesni kengaytirish uchun noyob imkoniyatlar taqdim etishini ta’kidladi.

“Net-Connect Group” vakili yangi bozorlarni o‘zlashtirish bo‘yicha amaliy yondashuvni tushuntirib, O‘zbekistonning autsorsing sohasidagi salohiyati uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun yo‘l ochishini qayd etdi.

“Accesa” kompaniyasi mutaxassisi O‘zbekistonda loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish misollarini taqdim etib, qulay investitsiya muhitida g‘oyalarning qanday qilib muvaffaqiyatli mahsulotlarga aylanishini ko‘rsatib berdi.

Shuningdek, IT Park Uzbekistan vakillari O‘zbekistonda biznesni boshlash va rivojlantirish bo‘yicha batafsil yo‘l xaritasini taqdim etdilar. Ular kompaniyalarni tezkor ro‘yxatdan o‘tkazish, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash dasturlari va O‘zbekistondan turib yangi bozorlarga biznesni kengaytirish istiqbollariga e’tibor qaratdilar.

Konferensiya netvorking sessiyasi bilan yakunlandi, unda ishtirokchilar hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish va aloqa o‘rnatish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Tadbir natijalariga ko‘ra, yil davomida 10 dan ortiq kompaniya O‘zbekistonda o‘z ofislarini ochishi va 600 dan ortiq yangi ish o‘rinlarini yaratishi kutilmoqda.

Konferensiya Yevropa kompaniyalariga yuqori salohiyatli bozorni o‘rganish imkoniyatlarini yaratib berdi, shuningdek, mamlakat iqtisodiy ekotizimiga qo‘shilish yo‘llarini belgilab berdi.

O‘zbekiston uchun mazkur tadbir xalqaro maydonda global IT-markazga aylanish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. Bunday tashabbuslar xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, ish o‘rinlarini yaratish va IT sohasini yanada rivojlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

2024-11-15