Veb-dunyoni zabt etib: yosh Front-End dasturchi hikoyasi

IT sohada amalga oshirilayotgan ishlar yangi kasb egalari sonining ko‘payishiga va bu orqali aholi daromadi va turmush darajasi ortishiga sabab bo‘lmoqda. IT Park mana shunday yoshlar haqidagi qiziqarli hikoyalar ruknini davom ettirmoqda. 

Bugungi qahramonimiz Navoiy shahridagi 18-maktab o‘quvchisi Abdullayev Shohruh.  Mutaxassisligi bo‘yicha Frontend dasturchi. 

IT sohasiga kirib kelganiga uzoq vaqt bo‘lmagan bo‘lsada, Bir qancha xalqaro loyihalarni muvaffaqiyatli tugatgan.

Qahramonimiz  dasturchilikka kirib kelishi haqidagi  quyidagicha fikr bildirdi:

“2021- yilning oktabr oyida IT Park vakillari maktabimizga tashrif  buyurib, targ‘ibot ishlarini olib borishgan. Barcha  yoshlar qatori kompyuterga qiziqqanim sabab, targ’ibot jamoasining  yo’l-yo’riqlaridan so’ng “Frontend” kurslariga yozildim. 

Olti oy davom etgan darslarni muvaffaqiyatli tamomlab, yana  shuncha muddat davomida malaka oshirganman. Ushbu vaqt davomida o’z ustimda ishlab, ikkita “Frontend” guruhiga o’zimda bor bilimlarni ulashishga harakat qildim”.

Shohruh mentorlik qilibgina qolmay, bir nechta startap loyihalarda qatnashishga ham ulgurgan va mahalliy  startaplar  orasida “Startmed”  loyihasi uchun vebsayt yaratgan. 

Qahramonimiz “Upwork” va “Kwork” platformalari orqali ham bir nechta loyihalarni  yakunlagan.  O‘rtacha oylik daromadi $500-$700 atrofida. 

Shohruh, hozirda Navoiy shahardagi IT Park filialida  mentorlik qilib, dasturlashga qiziqqan yoshlarga o’z bilganlarini o’rgatib kelmoqda. 

Qahramonimiz kelgusidagi rejalari haqida to’xtalar ekan, ushbu sohaga faqat moliyaviy qiziqish uchun kirmaslik kerakligi, qiyinchiliklar paydo bo’lganda esa, tezda tashlab ketish kerak emasligini ta’kidlab o’tdi.

“Ushbu sohada  jamoaviy ishlash va ingliz tilini bilish juda  muhim ahamiyat kasb etadi.  Kelgusida o’z bilimlarimni  mustahkamlash  uchun AQSh universitetlarida tahsil olishni reja qilganman. Shundan so’ng mamlakatimiz kiberxavfsizligini ta’minlash sohasida ishlab, O’zbekiston rivojiga o’z hissamni qo’shmoqchiman”.

Shohruh oʻzining misolida ishtiyoqi boʻlgan har qanday inson IT mutaxassisi boʻlishi mumkinligini koʻrsatib bermoqda. Asosiysi — intilish, mehnat qilish va oʻrganishga boʻlgan qiziqishdir. IT-markazlar esa ushbu maqsadlarni amalga oshirishga yordam beradi. Balki ruknimizning keyingi qahramoni siz boʻlarsiz?

2023-08-02