13-mart kuni IT Park Uzbekistan ofisiga Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Vladimir Norov va yetakchi ilmiy xodim Shavkat Alimbekov tashrif buyurishdi.
Uchrashuv kun tartibidan IT sohasida taʼlim va tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha hamkorlik imkoniyatlari muhokamasi oʻrin oldi.
Mehmonlarni IT Park direktori Farhod Ibragimov, Xalqaro aloqalar va investitsiyalarni jalb etish bo‘limi boshlig‘i Nigora Mirjalilova va IT-xizmatlar eksportini rivojlantirish boʻlimi boshlig‘i Sultonmurod Rasulovlar kutib oldi.
Uchrashuv davomida Farhod Ibragimov mehmonlarga IT Park Uzbekistan faoliyati, uning maqsad va yutuqlariga to‘xtalib o‘tdi hamda tashkilotning o‘rni, O‘zbekistonda IT sanoati rivojiga qo‘shayotgan hissasi haqida soʻzlab berdi.
Tomonlar “Markaziy Osiyo + Xitoy” formati doirasida “Sun’iy intellekt: Markaziy Osiyo va Xitoy o‘rtasidagi istiqbolli hamkorlikning innovatsion yo‘nalishi” mavzusidagi xalqaro konferensiya mohiyatini muhokama qildilar. Ta’kidlanganidek, Xitoyning “Internet of things” innovatsiyalar sohasida yetakchi bo‘lishga intilishi davlatning bir qator sanoat boʻyicha siyosati va “Xitoyda ishlab chiqarilgan – 2025” strategiyasi, “Internet +" rivojlanish rejasi, "2050-yilgacha innovatsion rivojlanish bo'yicha Davlat strategiyasi" hamda “Raqamli ipak yo'li" kabi tashabbuslari oʻlaroq oʻz tasdigʻini topadi.
Konferensiya maqsadlari orasida Vladimir Norov Markaziy Osiyo mamlakatlari va Xitoy Xalq Respublikasi oʻrtasidagi raqamli hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish, Xitoy tajribasidan foydalangan holda butun Markaziy Osiyo mintaqasining rivojlanishiga hissa qo‘shadigan sanoat internet texnologiyalari va sunʼiy intellektni (AI) rivojlantirish zamirida raqamli siyosatni shakllantirish boʻyicha aniq takliflarni ishlab chiqishni taʼkidladi.
Xalqaro konferensiyani oʻtkazish Markaziy Osiyo mamlakatlari va Xitoy mutaxassislari oʻrtasida sunʼiy intellekt sohasida ochiq va konstruktiv fikr almashish uchun platforma yaratadi va uni muntazam konferensiyaga aylantirishga xizmat qiladi, deya qoʻshimcha qildi mehmon. Bundan tashqari, anjuman “Markaziy Osiyo+Xitoy” formati doirasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish bo‘yicha amaliy takliflar ishlab chiqishga xizmat qiladi. Tadbirni aralash formatda o'tkazish taklif qilinmoqda.
Uchrashuv ishtirokchilari “Markaziy Osiyo+Xitoy” formati doirasida “Sun’iy intellekt: Markaziy Osiyo va Xitoy o‘rtasidagi istiqbolli hamkorlikning innovatsion yo‘nalishi” mavzusidagi konferensiya dasturini ham muhokama qildilar. Tomonlar anjuman quyidagi sessiyalarni o'z ichiga olishiga kelishib oldilar:
• Yalpi majlis: Sun'iy intellektni (AI) rivojlantirish strategiyalarini amalga oshirish va muvofiqlashtirish.
• Panel sessiya I: AI va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishda Markaziy Osiyo va Xitoyda IT-Parklarning roli
• Panel sessiya II:
o Xitoyning Markaziy Osiyo bilan o'zaro hamkorligida raqamli diplomatiya
o sanoat Interneti savdo-iqtisodiy munosabatlar rivojida ustuvor yoʻnalish sifatida
o AIning ijtimoiy-gumanitar sohani rivojlantirishdagi roli
o AI va atrof-muhit: AI yordamida barqaror rivojlanish
• Panel sessiya III: AI va texnologik startaplarga sarmoya kiritish. Imkoniyatlar va muammolar
• Panel sessiya IV: Barqaror raqamli kelajak uchun kiberxavfsizlik
• Panel sessiya V: AI va etika. Sun’iy intellektni ishlab chiqish va qo'llash
• Panel sessiya VI: Mehnat kelajagi. AI, avtomatlashtirish va ish-faoliyatni egallash.
2023-03-15