IT Park Uzbekistan vakillari kompaniya ofisida “WynEnterprise” bosh direktori Damir Galiyev bilan uchrashdi. Tomonlar “WynEnterprise”ning O‘zbekistondagi bo‘limining eksport hajmini oshirish, malakali xodimlarni jalb qilishda ko‘maklashish va xorijiy mutaxassislar uchun sharoitlarni yaxshilash imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.
WynEnterprise — bosh qarorgohi AQShda joylashgan, dasturiy yechimlarni ishlab chiqish va biznes-tahlilni joriy etish bilan shug‘ullanuvchi xalqaro IT-kompaniya. Kompaniya mahsulotlari BI-dashbordlar va tahliliy hisobotlar tuzish uchun qo‘llaniladi. Eksport faoliyati Niderlandiya, Albaniya, Markaziy Osiyo, MDH, Kavkaz va Sharqiy Yevropa mamlakatlarini qamrab oladi. Kompaniyaning ofislari beshta mamlakatda — AQSh, Niderlandiya, BAA, Albaniya va O‘zbekistonda joylashgan. Bugungi kunga qadar kompaniya O‘zbekistonda 70 dan ortiq ish o‘rinlarini yaratishga erishdi.
Uchrashuv davomida IT Park vakillari rezidentlar uchun mavjud infratuzilma, imkoniyatlar, qo‘llab-quvvatlash choralari va imtiyozlar haqida ma’lumot berdilar. “WynEnterprise” kompaniyasi hozirda malakali mutaxassislarni topishda yordam kerakligini ta’kidladi.
“WynEnterprise” bilan hamkorlikni rivojlantirish O‘zbekiston IT-sohasining eksport salohiyatini oshirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Xalqaro kompaniyalar va texnik mutaxassislarni, jumladan Yaponiyadan ham, jalb qilish yuqori maoshli ish o‘rinlarini yaratish, bilim va tajribani uzatish hamda O‘zbekistonning mintaqaviy texnologiya markazi sifatidagi maqomini mustahkamlashga xizmat qiladi.
2025-08-07