Video oʻyinlar sanoati uchun yetakchi global biznes yechimlar taʼminotchisi “Xsolla” “Global Business Services Forum” doirasida boʻlib oʻtgan uchrashuvdan soʻng Oʻzbekiston GameDev bozori bilan hamkorlik imkoniyatlarini oʻrganishga kirishdi. Abdulahad Kuchkarov boshchiligidagi IT Park Uzbekistan vakillari bilan boʻlgan uchrashuvda mahalliy isteʼdodlarni oʻqitish va mintaqaning rivojlanayotgan oʻyin sanoatini qoʻllab-quvvatlash maqsadida Oʻzbekistonda Oʻyin ishlab chiqarish akademiyasini tashkil etish imkoniyati muhokama qilindi.
Uchrashuvda “Xsolla” kompaniyasining Global strategik hamkorlik va davlat organlari bilan oʻzaro aloqalar boʻlimi rahbari Ritis Jozef Yan hamda Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoda biznesni rivojlantirish boʻyicha katta vitse-prezident Anatoliy Strutinskiy ishtirok etdilar.
Xsolla — bu video o‘yinlar sohasiga ixtisoslashgan global tijorat kompaniyasi bo‘lib, u sanoat uchun maxsus ishlab chiqilgan kuchli va ishonchli vositalar hamda xizmatlar to‘plamiga ega. 2005-yilda tashkil topganidan buyon Xsolla turli hajmdagi minglab o‘yin ishlab chiquvchilari va nashriyotlarga o‘z mahsulotlarini butun dunyo bo‘ylab va ko‘plab platformalarda moliyalashtirish, marketing qilish, chiqarish va monetizatsiya qilishda ko‘maklashib kelmoqda.
Oʻzbekistonning jadal rivojlanayotgan IT-sektori va malakali mutaxassislarning mavjudligini inobatga olgan holda, “Xsolla” oʻzining global faoliyatini qoʻllab-quvvatlash uchun mamlakat imkoniyatlaridan foydalanishga qiziqish bildirdi. Kompaniya, shuningdek, Oʻzbekiston bozoriga kirishni osonlashtirishi mumkin boʻlgan turli xil davlat qoʻllab-quvvatlash dasturlarini, jumladan xorijiy investitsiyalarni ragʻbatlantirishga qaratilgan “Zero Risk” tashabbuslarini koʻrib chiqmoqda. Oʻzbekistonda akademiyaning ochilishi mahalliy iqtisodiyotga sezilarli foyda keltirishi, ish oʻrinlarini yaratishi va mamlakatdagi IT-mutaxassislarining malaka darajasini oshirishi mumkin.
Muzokaralar davomida tomonlar hamkorlikni rasmiylashtirish va kelajakdagi istiqbollarni oʻrganish maqsadida oʻzaro anglashuv memorandumini (MoU) imzolashga kelishib oldilar.
Mahalliy isteʼdodlarni oʻqitish va ishga joylashtirish orqali “Xsolla” butun dunyo boʻylab oʻyin ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha oʻz vazifasini davom ettirish niyatida, shu bilan birga Oʻzbekistonning jadal rivojlanayotgan texnologiya sanoatiga hissa qoʻshishni maqsad qilgan.
2024-09-18