Yaponiya kompaniyalarining O‘zbekiston IT-bozoriga qiziqishi ortib bormoqda

IT Park va IT Bilim Yaponiyaning JSBA assotsiatsiyasi delegatsiyasini qabul qildi, ular tarkibiga 4 ta kompaniya - Prezident va bosh direktor Ken Takamatsu boshchiligidagi Rebreath, Prezident va bosh direktor Kouchi Yuri boshchiligidagi Global Future Link, Prezident va bosh direktor Yuichiro Ishihara boshchiligidagi Aspage va director Xiroshi Ushiki boshchiligidagi Kajima tashkilotlari kirdi. Tashrifdan maqsad O‘zbekistonning IT-sohasi, mamlakatning ishbilarmonlik muhiti va inson resurslari salohiyati bilan tanishish bo‘ldi.

JSBA Yaponiyaning eng yirik assotsiatsiyalaridan biri boʻlib, mamlakat texnologik kompaniyalarini birlashtirib, ularning dinamik rivojlanishiga va yangi bozorlar bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatishga yordam beradi.

Delegatsiya vakillariga O‘zbekistonda autsorsing biznesini rivojlantirishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash dasturlari, shuningdek, Yaponiya xususiy sektorida alohida qiziqish uyg‘otayotgan mamlakatning kadrlar zaxirasi imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berildi.

Ayni paytda yapon kompaniyalari vakillari autsorsingda ishlay oladigan va kompaniya samaradorligini sezilarli darajada oshiradigan yosh va iqtidorli o‘zbekistonlik mutaxassislarga qiziqish bildirmoqda. Bundan tashqari, Yaponiya delegatsiyasi uchun O‘zbekistonning jozibadorligi biznes yuritishning maksimal qulayligidadir, bu davlat xizmatlarini raqamlashtirish va xususiy sektorni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash orqali ta’minlanadi.

“Zero Risk” dasturiga alohida e’tibor qaratildi, unga ko‘ra, xorijiy kompaniya O‘zbekistonning istalgan hududida o‘z vakolatxonasini ochishi, bu orqali soliq imtiyozlari olishi hamda faoliyatini boshlash va yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq xarajatlarini minimallashtirish imkonini beradi.

Bundan tashqari, delegatsiya vakillarining IT-mutaxassislarini tayyorlash dasturlari bilan tanishishlari, ular bilan dastlabki suhbatlar o‘tkazishlari va yapon tilini bilish darajasini baholashlari uchun Japan Digital Universty’ga tashrif uyushtirildi.

Kompaniyaning rejalarini muhokama qilish chog'ida keyingi qarorlarni qabul qilish uchun bir nechta yechimlar taklif qilindi. Xususan, mahalliy autsorsing kompaniyalari bilan bir qator uchrashuvlar tashkil etilib, ularning faoliyati bilan yaqindan tanishtirish, o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish imkonini yaratish ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston bozorida faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishgan yapon kompaniyalari o‘z kadrlarini mamlakatimizning yosh mutaxassislari bilan to‘ldirishi, shuningdek, operatsion xarajatlarini sezilarli darajada kamaytirishi mumkin bo‘ladi.

O‘z navbatida, O‘zbekiston uchun Yaponiya kompaniyalari bilan hamkorlik mamlakatning Osiyo bozoridagi ishtirokini oshirishga, O‘zbekistonning IT-xab sifatida tan olinishiga yordam beradi. Bundan tashqari, Yaponiyaga IT-xizmatlari eksportini sezilarli darajada oshirish, ayniqsa, Oʻzbekiston fuqarolari uchun yangi ish oʻrinlari yaratilishi kutilmoqda.

2024-06-19