Yevropa kompaniyalari IT Park Uzbekistan bilan qo‘shma dasturlar bo‘yicha kelishuvga erishdi

IT Park Uzbekistan bosh direktori Abdulaxad Kuchlarov rahbarligidagi IT Park Uzbekistan vakillari Finlyandiya, Estoniya va Latviyaning innovatsion kompaniyalari va tashkilotlari delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralar davomida tomonlar startaplarni qo‘llab-quvvatlash, tajriba almashish va Yevropa kompaniyalarini O‘zbekiston IT-ekotizimini rivojlantirishga jalb qilish bo‘yicha qo‘shma dasturlarni ishlab chiqishga kelishib oldilar.

Delegatsiya tarkibiga Finlyandiya, Estoniya va Latviya kompaniyalari vakillari kirdi. Ular orasida “Polar Partners” rahbari Kimmo Kumpulaynen; “Tehnopol” vakili Anu Puusaag; “B2Btrade” kompaniyasidan Azar Bunyad-zoda va Emil Asgarbayli; “Digiwise” kompaniyasidan Lauri Antalaynen (Estonian Business Angels Network prezidenti) bor edi. Latviyani “CLEANTECH LATVIA” kompaniyasidan Eviya Pudane, Yanis Tenisons va Oksana Polko taqdim etdi.

Polar Partners (Finlyandiya) — 2012-yilda tashkil etilgan, ta’lim loyihalari va maktablarni raqamlashtirishga ixtisoslashgan konsalting kompaniyasi. Kompaniya 10 dan ortiq mamlakatda loyihalarni amalga oshirgan va zamonaviy ta’lim standartlari hamda EdTech yechimlarini joriy etish tajribasiga ega.

Tallinn Science Park Tehnopol (Estoniya) — Estoniyadagi eng yirik ilmiy va biznes parki bo‘lib, 350 dan ortiq startap, texnologik kompaniya va tadqiqot markazlarini birlashtirgan. Park innovatsion loyihalarni akseleratsiya va mentorlikdan tortib venchur investitsiyalari va xalqaro bozorlarga chiqishgacha har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi. “Tehnopol” tadbirkorlikni rivojlantirish va ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishga ko‘maklashish maqsadida davlat tuzilmalari va korporatsiyalar bilan faol hamkorlik qilmoqda.

B2Btrade (Estoniya) — xalqaro savdo va biznes-konsaltingga ixtisoslashgan kompaniya. Mahsulotlar eksporti va importini qo‘llab-quvvatlaydi, kompaniyalarga xorijda hamkorlar topishga va barqaror ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirishga yordam beradi.

CLEANTECH LATVIA (Latviya) — “yashil” texnologiyalar va barqaror rivojlanish sohasida faoliyat yurituvchi 40 dan ortiq kompaniyani birlashtiruvchi uyushma. Tashkilot energetika, sanoat va shahar xo‘jaligida ekologik toza yechimlarni targ‘ib qiladi, shuningdek, Latviya kompaniyalariga xalqaro bozorlarga chiqishda ko‘maklashadi.

Muzokaralar doirasida O‘zbekiston IT-sohasi va startap ekotizimini transformatsiya qilish, Yevropa kompaniyalari uchun biznesni kengaytirish imkoniyatlari va qo‘shma ta’lim tashabbuslari muhokama qilindi. Estoniya tomoni o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun seminarlar va mahorat darslarini o‘tkazish bo‘yicha tajriba almashishga, shuningdek, o‘zbekistonlik startaplarni “Latitude59” (Estoniyaning Tallin shahrida har yili o‘tkaziladigan eng yirik texnologik va startap konferensiyasi) kabi yirik xalqaro tadbirlarda qatnashishga taklif qilishga tayyorligini bildirdi.

Infratuzilma va huquqiy yordamni o‘z ichiga olgan qo‘shma soft-landing dasturlari, shuningdek, mutaxassislar almashinuvi dasturlarini tashkil etish orqali startaplarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar venchur kapitalini rivojlantirish, qo‘llab-quvvatlash xizmatlari va universitet tadqiqotlarini tijoratlashtirish bo‘yicha hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar. “Estonian Business Angels Network” prezidenti va “Digiwise” vakili Lauri Antalaynen O‘zbekistondagi startaplarni o‘rganishga qiziqish bildirdi, shuningdek, mahalliy investorlar bilan tanishish istagini ma’lum qildi.

Shuningdek, 19–20-noyabr kunlari Xelsinki shahrida bo‘lib o‘tadigan “Slush 2025” doirasidagi uchrashuvlarni tashkil etishga ko‘maklashish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Delegatsiya vakillari Estoniyada o‘tkaziladigan “Latitude59” tadbiriga taklif qilindi.

Finlyandiya, Estoniya va Latviya bilan hamkorlik IT Park Uzbekistan’ga startap ekotizimini rivojlantirishda ilg‘or xalqaro tajribalarni jalb qilish, hamkorlar tarmog‘ini kengaytirish, shuningdek, Yevropa bozorida o‘zbek kompaniyalari va mutaxassislari uchun yangi imkoniyatlar yaratish imkonini beradi.

2025-09-23