28 avgust – 3 sentyabr kunlari Vengriyada 35-Xalqaro informatika olimpiadasi (IOI 2023) boʻlib oʻtdi.
Tadbirda IT Park Uzbekistan bosh direktori oʻrinbosari Mahliyo Muksinova boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiya ishtirok etdi. Delegatsiya IOI Komissiyasi oldida taqdimot oʻtkazdi va 2026-yilda olimpiadani Oʻzbekistonda oʻtkazish uchun ariza topshirdi. Taqdimot davomida davlatimiz salohiyati, qulay va xavfsiz sharoitlari, shuningdek, mamlakatning Markaziy Osiyo IT-xabiga aylanishi uchun amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar taqdim etildi.
3-sentabr kuni boʻlib oʻtgan IOI 2023 yopilish marosimida Komissiya 2026-yilda Xalqaro informatika olimpiadasi Oʻzbekistonda oʻtkazilishini rasman eʼlon qildi.
Bu yil IOIʼda 89 ta mamlakatdan 346 nafar oʻquvchi ishtirok etdi. Olimpiadaning ikkala bosqichi yakunlariga koʻra, Oʻzbekiston vakillari tarixda ilk bor bronza medallarini qoʻlga kiritishdi. Olimpiada gʻoliblari:
Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi bilan birgalikda oʻtkazilgan tayyorgarlik ishlarini alohida taʼkidlash joiz. Masalan, Oʻzbekiston terma jamoasiga nomzodlar uchun murabbiy sifatida IOI medallariga ega boʻlgan xalqaro ekspert Bartocz Kostkani (Kanada) jalb qilgan holda butkemp shaklida tashkil etilgan 10 kunlik treninglar natijaga katta hissa qoʻshdi.
Shuningdek, milliy tanlovni tashkil etish va Oʻzbekiston milliy jamoasining informatika boʻyicha ISIJ 2023 oltinchi xalqaro kubogida ishtirok etishi va Oʻzbekistonlik ishtirokchilarning marafonda 22 ta, jumladan 5 ta oltin, 6 ta kumush va 11 ta bronza medallarini qoʻlga kiritishi muhim ahamiyat kasb etdi.
Eslatib oʻtamiz, Xalqaro informatika olimpiadasi (IOI) maktab oʻquvchilari oʻrtasida informatika yoʻnalishi boʻyicha har yili oʻtkaziladigan musobaqa boʻlib, birinchi marta 1989-yilda tashkil etilgan. Tanlov ikki bosqichdan iborat boʻlib, unda ishtirokchilarga algoritmik masalalarni yechish va dasturlash taklif qilinadi. Maktab oʻquvchilari yakka tartibda raqobatlashadi; har bir mamlakatdan toʻrttadan ortiq ishtirokchi boʻlishi mumkin emas.
2023-09-03