AGCC startaplarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida IT Park Uzbekistan bilan hamkorlik imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda

IT Park Uzbekistan bosh direktori Abdulaxad Kuchkarov “GCC Korea” bosh direktori Jemma Jon boshchiligidagi AGCC delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar startap ekotizimini rivojlantirish, qo‘shma akseleratsiya dasturlari va xalqaro tanlovlarni tashkil etish bo‘yicha hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.

AGCC (Global Innovation Partner) — bosh qarorgohi Dubayda (BAA) joylashgan, Abu-Dabi, Seul va Berlin shaharlarida vakolatxonalari mavjud xalqaro startaplarni rivojlantiruvchi platforma. Kompaniya chuqur texnologiyalar, sun’iy intellekt va innovatsiyalarga ixtisoslashgan bo‘lib, akseleratsiya dasturlari, mentorlik yordami va strategik qo‘llab-quvvatlashni taqdim etadi. AGCC hamkorlari orasida DMCC, “IBM Consulting”, “Builder.ai” va KISED kabi tashkilotlar bor. Bugungi kunga qadar tashkilot 8 ta dastur doirasida 50 dan ortiq startapni qo‘llab-quvvatlab, butun dunyodan minglab arizalarni to‘plagan.

Uchrashuvda Jemma Jon “AGCC” faoliyatini taqdim etdi va O‘zbekistonning xalqaro startaplar uchun yangi yo‘nalish sifatidagi ahamiyatini ta’kidladi. Tomonlar startaplar uchun almashinuv dasturlari istiqbollari, qo‘shma AI-chellenjlari va akseleratorlarni o‘tkazish, shuningdek, barqaror innovatsiyalar va sun’iy intellektni joriy etish tashabbuslarini muhokama qildilar. IT Park va AGCC xalqaro hamkorlari ko‘magida ta’lim va mentorlik loyihalarini ishga tushirish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.

AGCC bilan hamkorlik O‘zbekistonga xalqaro aloqalarni kengaytirish, mahalliy startaplar uchun Koreya va BAA bozorlariga chiqishning yangi yo‘llarini ochish, shuningdek, global investorlar va hamkorlarning e’tiborini mamlakatning rivojlanayotgan ekotizimiga jalb qilish imkonini beradi.

2025-09-30