AKT Vaziri Nukusdagi IT Park rezidentlariga – “Texnopos IT mektebi” va “Data Life”ga tashrif buyurdi

2022-yil 24-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish Vaziri Sherzod Shermatov Qoraqalpog‘iston Respublikasiga ishchi tashrifi doirasida Nukus shahridagi IT Park rezidentlariga – “Texnopos IT mektebi” va “Data Life” IT-oʻquv markazlari faoliyati bilan tanishdi.

“Texnopos IT mektebi” oʻquv markazi oʻz faoliyatini 2020-yil noyabr oyida boshlagan va veb-dasturlash, Android-dasturlash, mobil oʻyinlar yaratish, 3D-animatsiya, grafik dizayn boʻyicha darslar olib boradi.

Ayni paytda “Texnopos IT mektebi” markazlari qoshidagi o‘quv markazida 150 nafarga yaqin talaba tahsil olmoqda.  Bitiruvchilar soni 360 nafarni tashkil etadi.

“Texnopos IT mektebi” o‘quv markazida madaniyat, tibbiyot, turizm sohalarida 20 ga yaqin loyiha amalga oshirildi.  Ayni paytda markaz rahbariyati IT-Akademiyasini tashkil etishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.

AKT Vaziri “Data Life” o‘quv markazi faoliyati bilan ham tanishdi. Ushbu oʻquv markazida kompyuter savodxonligi, front-end-dasturlash, PHP-dasturlash, Java-dasturlash, Android-dasturlash boʻyicha kurslar tashkil etiladi.  Hozirda 150 nafar talaba tahsil oladi.  Bitiruvchilar soni 480 nafarni tashkil etadi.

Markaz tomonidan 20 ga yaqin loyiha amalga oshirildi.  Markaz faoliyatini yanada kengaytirish, xorijiy kompaniyalar bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish va tashqi bozorga chiqish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Тashrif davomida AKT Vaziri yoshlarni AKT sohasiga keng jalb etish va malakali IT-mutaxassislarni tayyorlash doirasida o‘quv markazlari bilan samarali hamkorlikni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratdi.

2022-02-27