“Alif Uzbekistan” “Nasiya” muddatli to‘lov xizmatini rivojlantirish uchun 5 million dollar jalb qildi

IT Park Uzbekistan rezidenti “Alif Uzbekistan” Britaniyaning “Cur8 Capital” islomiy jamg‘armasidan 5 million dollarlik moliyalashtirish liniyasini muvaffaqiyatli jalb etdi. Olingan mablag‘lar “Nasiya” muddatli to‘lov xizmatini kengaytirishga yo‘naltiriladi.

“Alif” — O‘zbekiston, Tojikiston va Pokistonda faoliyat yurituvchi, islomiy moliya tamoyillariga sodiq xalqaro fintech (moliyaviy texnologiyalar) kompaniyasidir. O‘zbekistonda kompaniya besh yildan beri muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda va uning super-ilovasi 1000 dan ortiq xizmatlarni o‘z ichiga oladi. “Nasiya” muddatli to‘lov xizmati esa “Alif”ning asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. 850 mingdan ortiq mijoz uning afzalliklaridan foydalanib, 24 oygacha bo‘lgan muddatga boshlang‘ich to‘lovsiz tovarlar va xizmatlarni bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Moliyaviy xizmatlar bozorida o‘z mavqeyini mustahkamlash bo‘yicha uzoq muddatli strategiya doirasida “Alif” o‘tgan yili e’lon qilinganidek, sukuk islomiy obligatsiyalarini chiqarishni rejalashtirmoqda. Ushbu qadam kompaniyaning islomiy moliyalashtirish me’yorlariga rioya qilgan holda investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha umumiy maqsadiga mos keladi.

“Ushbu moliyaviy liniya ‘Nasiya’ xizmatini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochadi. Bu bitim moliyalashtirishni jalb qilishning joriy bosqichining birinchi qismidir. Yaqin kelajakda ‘Alif Uzbekistan’ yangi kelishuvlarni e’lon qiladi,” - dedi “Alif Uzbekistan” bosh direktori Nuriddin Lafizov.

Buyuk Britaniyada joylashgan “Cur8 Capital” islomiy moliya bilan bog‘liq loyihalarga sarmoya kiritishga ixtisoslashgan. “Alif” kompaniyasiga kiritilgan investitsiyalardan tashqari, jamg‘arma “Alif” hammuassislari tomonidan asos solingan “Ayan Capital” startapini ham qo‘llab-quvvatladi.

Xalqaro investorlardan investitsiya mablag‘larini jalb qilish global miqyosda o‘zbek startaplariga bo‘lgan ishonchning ortib borayotganidan dalolat beradi. Ushbu muvaffaqiyat nafaqat “Alif Uzbekistan” pozitsiyasini mustahkamlaydi, balki mahalliy startap infratuzilmasini rivojlantirishga, o‘zbek kompaniyalariga sarmoya kiritishga qiziqishni oshirishga yordam beradi. Bunday bitimlar O‘zbekistonning venchur investitsiyalar va innovatsion loyihalar uchun tobora jozibador platformaga aylanib borayotganini ko‘rsatadi, bu esa mamlakatda startaplar uchun qulay ekotizim yaratilishiga hissa qo‘shadi

2024-10-23