Andijon davlat tibbiyot institutida inkubatsiya markazi ochildi

Joriy yilning 17-sanasida Andijon davlat tibbiyot institutida rivojlanish, startap sohasida o‘z potensialini ochish va o‘z loyihasini amalga oshirish istagidagi talabalar uchun inkubatsiya markazining ochilishi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Bosh vazir maslahatchisi - Axborot texnologiyalari, telekommunikatsiyalar va innovatsiyalarni rivojlantirish masalalari departamenti boshlig‘i Olimjon Umarov, IT Park direktori Farhod Ibragimov, IT Park direktorining hududiy rivojlanish bo‘yicha o‘rinbosari Abdulahad Qo‘chqorov, AKT yo‘nalishi prorektori Javohirmirzo Jahongirov hamda ilmiy ishlar bo‘yicha prorektor Xojimatov G'ulomiddin ishtirok etishdi.


Ochilish marosimi davomida tadbirga tashrif buyurgan mehmonlar tibbiyot sohasi talabalari amaliyot o‘tkazadigan OTM simulatsiya markazi hamda OTM qoshida ishga tushirilgan inkubatsiya markazi bilan tanishib chiqishdi.

Xususan, mehmonlar inkubatsiya markazi binolari, universitet tomonidan erishilgan yutuqlar va talabalar taqdim etgan loyihalar bilan yaqindan tanishishga muvaffaq boʻlishdi.

Olimjon Umarov yoshlar bilan muloqot qilish jarayonida ular bilan tibbiyot sohasida IT yo‘nalishini yaxshilash bo‘yicha o‘z takliflari bilan bo‘lishdi. Qolaversa, u yoshlarga o‘z loyihalarini rivojlantirish yuzasidan maslahatlar berdi.


Ta’kidlash joizki, mazkur OTM qoshidagi inkubatsiya markazi shu kungacha ochilgan inkubatsiya markazlari orasidagi eng kattasi hisoblanadi. Ushbu inkubatsiya markazi kompyuterlar bilan jihozlangan 90 ta ish joyiga mo‘ljallangan. Bu, o‘z navbatida, tibbiyot sohasidagi startap loyihalar  hamda startap sohasiga qiziqadigan yoshlar soning ko‘payishiga turtki bo‘ladi. Bundan tashqari, institutning o’zida bir nechta talaba allaqachon o‘z loyihalarini amalga oshirish ustida ish olib bormoqda. Ular qatorida 6-kurs talabasi Islomjon Bektoshov va 4-kurs talabasi Abdurauf Abdurashidov ham bor.

Islomjon Bektoshev shu kungacha o‘z loyihalari bilan turli tanlovlarda qatnashib kelmoqda. Uning “Quvnoq oyoqchalar” loyihasi diabetga chalingan bemorlar, nogironlar va qariyalar uchun maxsus ishlab chiqilgan poyafzal hisoblanadi.

Abdurauf Abdurashidov esa o‘zining loyihasi - “MyRp” ni taqdim etdi.  Tizim dorilar ro‘yxatini shifokordan bemorga va bemordan dorixonaga (shuningdek, shifokordan dorixonaga) yetkazishni ta’minlaydi.  Bu shifokor, bemor va dorixona xodimlarini bog‘lab turadigan yagona elektron retseptlar almashinuvi tarmog'i.


Hozirgi kunda talabalar kompyuterlardan, Internetdan va inkubatsiya markazining boshqa manbalaridan bilim olish, loyihalarni ishlab chiqish va boshqa maqsadlarda bemalol foydalanishlari mumkin. Shuningdek, ushbu markazda kompyuter savodxonligi kurslari o‘qitiladi va yaqin kunlarda talabalar uchun inkubatsiya dasturi ham ishga tushiriladi.

2021-06-18