11-avgust kuni kiberxavfsizlik bo‘yicha “AntiHack Challenge” turniri bo‘lib o‘tdi. Tadbir IT-Park, “Cisco” va Digital operatori “Beeline Uzbekistan” tomonidan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, “Central Asia Distribution” hamda Toshkent shahridagi Inha universiteti ko‘magida tashkil etildi.
Turnirni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad mamlakat yoshlarining axborot xavfsizligiga bo‘lgan qiziqishini oshirishdan iborat.
“AntiHack Challenge”da ishtirok etish uchun respublika boʻylab jami 282 nafar ishtirokchi roʻyxatdan oʻtgan, ammo ulardan 120 nafari finalga yoʻl oldi. E’tiborli jihati, eng yosh ishtirokchi atigi 10 yoshda.
Turnir davomida ishtirokchilar Wi-Fi tarmoqlarining xavfsizlik tizimlarida zaifliklarni topishlari kerak edi. Shunday qilib, “Cisco” mutaxassislari tomonidan yechimlar muhandisi (Solutions Architect) Daniil Kirillov va simsiz yechimlar muhandisi (Wireless Solutions Architect) Anton Kistruga tomonidan taqdim etilgan vazifalar qatoriga quyidagilar kirdi: so‘nggi stantsiyani deautentifikatsiya qilish; kalit tanlash va WPA/WPA2-shaxsiy trafikning shifrini ochish; Evil Twin hujumi; Wi-Fi ARP Injection (ARP Spoof).
Barcha topshiriqlar yakuniga ko‘ra, Jonibek Sadriev va Xushvaxt Nurulloyevlar ishtirokidagi “Root-me” jamoasi g‘olib deb topildi. Bundan tashqari, Ozoda Inoyatillo va Vitaliy Bolbas ekspertlar tomonidan eng faol ishtirokchilar deb topilib, ular g‘oliblar bilan bir qatorda sovg‘alar bilan taqdirlandilar.
IT-Park direktorining innovatsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari Jahongir Rajabovning ta’kidlashicha, bunday turnirlar axborot xavfsizligi bo‘yicha ko‘nikma va salohiyatni rivojlantirishga qaratilgan.
“Sir emaski, IT sohasida muvaffaqiyatning eng muhim omillaridan biri axborot bilan ishlash samaradorligi hisoblanadi va so‘nggi 5-6 yil ichida maxfiy ma’lumotlarni himoya qilish masalasi dolzarb bo‘lib kelmoqda. Shuning uchun har qanday tashkilot o‘z ma’lumotlarini qanday himoya qilish haqida o‘ylashi kerak. “AntiHack Challenge” yosh mutaxassislarning ushbu sohaga qiziqishini oshirishga qaratilgan bo‘lib, u kiberxavfsizlik bo‘yicha mutaxassislar qatlamini shakllantiradi. Qolaversa, ishonchimiz komilki, tanlov soha rivoji uchun muhim bo‘lgan hamfikrlarni topish uchun ajoyib maydonga aylanadi”.
Shuningdek, IT-Park vakili kelgusida bu yo‘nalishdagi shunga o‘xshash turnirlar yanada kengroq formatda, vazifalari murakkabroq o‘tkazilishini qo‘shimcha qildi.
“Beeline Uzbekistan”ning axborot bo‘yicha bosh direktori Artyom Kalivanov IT uchun kiberxavfsizlik naqadar muhimligini ta’kidladi.
“IT sohasining hozirgi rivojlanish sur’atlarida kiberxavfsizlikning ahamiyati ortib bormoqda, bu esa mutaxassislardan ko‘proq e’tibor va ko‘nikmalarni talab qiladi, ularning vazifasi har bir foydalanuvchi uchun internet tarmog‘iga kirishni nafaqat qulay va tez, balki imkon qadar xavfsiz qilishdir. “AntiHack Challenge” kabi turnirlarni qo‘llab-quvvatlash orqali biz sohaga yangi iste’dodlarni jalb qilish va IT xavfsizligi madaniyatini shakllantirishga yordam beramiz”.
“Cisco” kompaniyasining O‘zbekistondagi vakili Nargiza Kushakova ham o‘z nutqida kiberxavfsizlik sohasida kadrlar tayyorlash muhimligini ta’kidladi.
“Agar siz bozorni o‘rgansangiz, ma’lumotlar xavfsizligi bo‘yicha yuzlab dasturiy ta’minotlar mavjudligini ko‘rasiz. Ammo mazkur yo‘nalishda ishlaydigan mutaxassislar juda kam. Bugungi turnir ushbu yo‘nalishni ommalashtirish yo‘llaridan biri bo‘lib, ko‘plab yosh mutaxassislarning tadbirga qiziqish bildirganidan mamnunmiz”.
2022-08-12