AQSh Savdo Vazirligi delegatsiyasi IT Parkʼga tashrif buyurdi

17-oktabr kuni Savdo Vazirining xalqaro savdo bo‘yicha o‘rinbosari Marisa Lago boshchiligidagi AQSh Savdo Vazirligi delegatsiyasi IT Park Uzbekistan majmuasiga tashrif buyurdi.

Delegatsiyani O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish Vaziri Sherzod Shermatov qabul qildi. U mehmonlarni IT Park faoliyati, IT-kompaniyalar uchun soliq preferensiyalari va imtiyozlari, shuningdek, mamlakatning ITES xizmatlari eksportining joriy natijalari va butun mamlakat bo‘ylab amalga oshirilayotgan infratuzilma loyihalari bilan tanishtirdi.

Uchrashuv davomida tomonlar ta’lim, USAID bilan hamkorlik, O‘zbekiston aholisi uchun IT-ingliz tilini rivojlantirish, shuningdek, One Million Uzbek Coders loyihasini yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.

Bundan tashqari, uchrashuv ishtirokchilari intellektual mulk huquqlari, ma’lumotlarni lokalizatsiyalash va kiberxavfsizlik qonunchiligiga oid masalalar yuzasidan fikr almashdilar.

Marisa Lago mamlakatda 2010-yildan buyon ro‘y bergan o‘zgarishlar hayratlanarli ekanligini ta’kidladi. Shuningdek, u Amerika tomoni har ikki mamlakatda bandlik, o‘sish va farovonlikni oshirish uchun O‘zbekiston va AQSh korxonalari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlash tarafdori ekanini ta’kidladi.

2022-10-18