AQShga tashrif yakunlari: O‘zbekiston startaplari uchun yangi imkoniyatlar

IT Park Uzbekistan delegatsiyasi, startap va investitsiyalarni rivojlantirish bo‘yicha direktor Elyor Maksudov boshchiligida AQShga tashrif buyurib, yetakchi akseleratorlar, investitsiya kompaniyalari va texnologik korporatsiyalar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Ular orasida “Draper University”, “Plug and Play”, “Startup Genome”, “StartX”, “OpenAI”, “Scale AI”, “TechStars” kabi kompaniyalar bor. Uchrashuvlarda O‘zbekiston startap ekotizimini rivojlantirish, xalqaro investitsiyalarni jalb etish, ta’lim va davlat xizmatlariga zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Draper University: venchur investitsiyalari va dasturlarda ishtirok etish

“Draper University” bilan uchrashuvda Markaziy Yevroosiyo startaplarini qo‘llab-quvvatlash va global bozorga chiqish uchun “IT Park Ventures” bilan qo‘shma venchur fondini tashkil etish imkoniyatlari muhokama qilindi. Tomonlar, shuningdek, o‘zbek startaplarini Draper xalqaro tarmog‘iga integratsiya qilish, “Hero Training”, “Global Innovation Program” va “VCx” dasturlarida ishtirok etish masalalarini ko‘rib chiqdilar. Draper “ICT Week Uzbekistan 2025” tadbirida ishtirok etishga tayyorligini bildirdi.

Draper University — venchur investitsiyalari va tadbirkorlarni tayyorlashga ixtisoslashgan Amerika ta’lim tashkiloti.

Plug and Play: O‘zbekistondagi sun’iy intellekt markazi

“Plug and Play” bilan muzokaralarda o‘zbek startaplarining kompaniya global tarmog‘iga kirishini kengaytirish va O‘zbekistonda qo‘shma tadbirlar o‘tkazish masalalari muhokama qilindi. Kompaniya Toshkentda Plug and Play sun’iy intellekt markazini tashkil etish va qo‘shma venchur fondini ishga tushirish masalasini ko‘rib chiqishni taklif etdi.

Plug and Play — startaplar va investorlardan iborat keng xalqaro tarmoqqa ega dunyodagi eng yirik venchur akseleratorlaridan biri.

Startup Genome: Tahlil va xalqaro pozitsiyalash

“Startup Genome” va IT Park ma’lumotlar va xalqaro metodologiyalar asosida startap ekotizimini jadal rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib oldilar. Benchmarking, KPI shakllantirish masalalari, shuningdek, startaplarning dastlabki bosqichini kuchaytirish va investorlarni jalb qilish bo‘yicha tavsiyalar muhokama qilindi.

Startup Genome — startap ekotizimlarini tahlil qilish va rivojlantirishga ixtisoslashgan global tadqiqot kompaniyasi.

StartX: Mentorlik va akseleratsiya

“StartX” bilan uchrashuv tashkilotning O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishga qiziqishini tasdiqladi. Mentorlik yordami mexanizmlari, o‘zbek startaplarining Kaliforniyadagi akseleratsiya dasturida ishtiroki va “ICT Week Uzbekistan 2025” doirasida pilot butkempni ishga tushirish masalalari muhokama qilindi.

StartX — Stenford universiteti qoshidagi notijorat akselerator bo‘lib, mentorlik va netvorking orqali startaplarni rivojlantirishga qaratilgan.

OpenAI: Ta’lim va davlat xizmatlari uchun AI

“OpenAI” bilan sun’iy intellektni ta’lim tizimi va davlat xizmatlariga integratsiya qilish masalalari muhokama qilindi. O‘zbekistonlik 1 million foydalanuvchi uchun “GPT.edu” loyihasi, shuningdek, “ChatGPT Gov” tashabbusini ishga tushirish imkoniyati ko‘rib chiqildi. “OpenAI” O‘zbekistonda ta’lim va ilmiy-tadqiqot dasturlari ustida ishlashga tayyorligini bildirdi.

OpenAI — sun’iy intellekt sohasidagi yetakchi xalqaro kompaniya, “ChatGPT” va til modellarining yangi avlodini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.

Scale AI: Platformalardan foydalanishva tajriba loyihalari

“Scale AI” sun’iy intellekt modellarini annotatsiya qilish, tasdiqlash va baholash imkoniyatlarini taqdim etdi. O‘zbekistonda “Outlier AI” platformasidan foydalanish imkoniyatini ochish va mahalliy mutaxassislarni jalb qilgan holda pilot loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Scale AI — mashinali o‘rganish va sun’iy intellekt uchun ma’lumotlarni tayyorlashga ixtisoslashgan Amerika kompaniyasi.

TechStars: Hamkorlik dasturlarini ishga tushirish

Tomonlar “Techstars” brendi ostida mintaqaviy tashabbusni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini muhokama qildilar. IT Park mamlakatdagi startaplar sonining o‘sishi va “Digital Startup Awards” hamda “Venture Startup Studios” milliy tashabbuslari natijalarini taqdim etdi. “ICT Week 2025” doirasida ishchi guruh tuzish va “Techstars” vakillarining O‘zbekistonga tashrifi bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Techstars — butun dunyo bo‘ylab startaplarni qo‘llab-quvvatlovchi xalqaro akseleratorlar va venchur fondlari tarmog‘i.

Mazkur uchrashuvlar O‘zbekistonning startap ekotizimi jadal rivojlanayotgan mamlakat sifatidagi mavqeini mustahkamladi. Erishilgan kelishuvlar xalqaro tajriba, investitsiyalar va ilg‘or texnologiyalardan foydalanish imkoniyatini taqdim etadi, bu esa o‘zbek startaplariga global bozorlarga chiqish va jahon maydonida raqobatbardoshligini oshirish imkonini beradi.

2025-09-04