Bugun Toshkent shahridagi IT Park Uzbekistan majmuasida mamlakatimizdagi yetakchi mobil operatorlardan biri — Beeline Uzbekistan kompaniyasining yangi ofisi ochildi. Ushbu muhim tadbirda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, VEON kompaniyasi bosh direktori Kaan Terziog‘lu, Beeline Uzbekistan’ning rahbariyati va boshqa mehmonlar ishtirok etdilar.
Beeline Uzbekistan’ning yangi ofisi 23 qavatli zamonaviy binoda joylashgan bo‘lib, u kompaniya xodimlari uchun ochiq, qulay va innovatsion ish muhitini yaratishga qaratilgan. Bino ichida keng va inson salomatligiga qulay ish joylari, dam olish va uchrashuv zonalari, zamonaviy texnika bilan jihozlangan ofis infratuzilmasi hamda yer osti avtoturargohi mavjud.
Ushbu tashabbus kompaniya uchun nafaqat yangi ish joyi, balki kelajakdagi raqamli rivojlanish strategiyasining muhim bosqichidir. Endilikda Beeline Uzbekistan IT Park’ning doimiy rezidenti sifatida ekotizimdagi boshqa IT kompaniyalari bilan bevosita yaqin hamkorlik olib borish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov tadbir doirasida quyidagicha fikr bildirdi:
“Texnologik kompaniyalarning bir hududda to‘planishi innovatsion g‘oyalar va yechimlar paydo bo‘lishini tezlashtiradi. Beeline Uzbekistan’ning IT Park Uzbekistan hududiga ko‘chib o‘tishi – bu nafaqat kompaniya taraqqiyoti, balki butun ekotizim uchun yangi bosqichdir. Biz bu jarayonni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz va kelgusida yanada ko‘proq xalqaro kompaniyalarni O‘zbekistonga jalb qilishga intilamiz.”
IT Park Uzbekistan nafaqat ishchi ofislar, balki ilm-fan, texnologiya va biznes kesishmasida faoliyat yurituvchi kompaniyalar uchun muhim innovatsion maydon hisoblanadi. Bunday markazda Beeline Uzbekistan’ning ishtiroki yangi loyihalar, startaplar va raqamli xizmatlarni yaratish bo‘yicha salmoqli o‘zgarishlarga turtki bo‘ladi.
O‘zbekistonda raqamli transformatsiya jadal sur’atlar bilan davom etmoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan raqamli infratuzilmani rivojlantirish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va iqtidorli yoshlar uchun munosib sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Beeline Uzbekistan’ning IT Park Uzbekistan hududiga ko‘chishi bu yo‘ldagi yana bir muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.
2025-05-20