Belarus IT kompaniyasi Exadel O‘zbekistonda o‘z faoliyatini kengaytiradi

Belarus Respublikasida bo‘lib o‘tayotgan “TIBO-2021” XXVII Xalqaro axborot-kommunikatsiya texnologiyalari forumi doirasida IT Park direktori Farhod Ibragimov “Exadel” xalqaro IT kompaniyasi direktori Vladimir Chernitskiy bilan ishbilarmonlik uchrashuvini o‘tkazdi

Uchrashuv davomida tomonlar ta’lim sohasidagi hamkorlikni, ya’ni IT Park tomonidan Respublikamizning 12 ta universitetida ishga tushirilgan inkubatsiya markazlari asosida IT mutaxassislarini tayyorlash masalasini muhokama qilishdi.

Shuningdek, IT sanoati uchun kadrlar tayyorlash maqsadida IT Park Exadel bilan birgalikda axborot texnologiyalari sohasida o‘qituvchilarni tayyorlashga bo‘yicha o‘quv dasturlarini amalga oshirish yuzasidan gaplashib olishdi.

Ma’lumot o‘rnida:

Exadel - bu dasturiy ta’minotni ishlab chiqish va IT-konsalting bilan shugʻullangan xalqaro IT-kompaniya.  Kompaniyaning asosiy faoliyat turlari migratsiya, korporativ ilovalarni optimallashtirish va ishlab chiqish, ularni sinovdan o‘tkazish va sifatini nazorat qilishdan iborat.

Kompaniyaning shtab-kvartirasi AQShning Kaliforniya shtatidagi Valnut-Krikda joylashgan. Hozirgi kunda kompaniyaning ishlab chiqish markazlari 6 ta davlatda faoliyat yuritmoqda va uning 1000 dan ziyod xodimlari mavjud.  Exadel 2007- yildan beri Hi-Tech Parkning rezidenti bo‘lib, HTP dasturiy ta’minotini ishlab chiqaruvchilarning o‘ntaligidan joy olgan.

Exadel vakolatxonasi O‘zbekiston Respublikasi hududida ro‘yxatdan o‘tgan va u hozirda IT Park rezidenti hisoblanadi. Bugungi kunda Exadelning O‘zbekistondagi filialida 50 ga yaqin kishi faoliyat olib boradi.  Yil oxiriga qadar ularning sonini 100 taga yetkazish ko‘zda tutilgan.

2021-06-04