IT Park direktori Farhod Ibragimovning O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuxrat Sadikov boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi delegatsiyasi bilan Belarusga tashrifi doirasida “IBA Group” bosh direktori Sergey Akulich bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida tomonlar hududiy IT markazlar uchun IT-mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha o‘quv dasturini ishlab chiqish, shuningdek, mazkur IT markazlarda faoliyat yuritadigan o‘qituvchilar uchun kasbiy tayyorgarlikni ta’minlash bo‘yicha turli qo‘shma dasturlarni tashkil etish masalalarini muhokama qilishdi.
Suhbat mavzularidan biri - qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘ldi. Tomonlar qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish sohasida, ya’ni qishloq xo‘jaligi texnikasini boshqarishda yagona tizimni ishlab chiqish bo‘yicha hamkorlik qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.
Uchrashuv yakunida, IT Park Uzbekistan va IBA Group o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi. Yaqin kunlarda, IBA Group O‘zbekistondagi yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tadi va IT Park rezidentiga aylanadi.
Ma’lumot o‘rnida:
“IBA Group” - bu xalqaro xolding bo‘lib, Markaziy va Sharqiy Yevropadagi axborot texnologiyalari (IT) ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchi eng yirik integrator tizimlardan biri hisoblanadi.
Ushbu kompaniya Belarus Yuqori texnologiyalar parkining eng yirik rezidentlar TOP-10taligidan va yetakchi sanalgan beshta IT-kompaniyalari ro‘yxatidan joy olgan. “IBA Group” o‘zining 200 dan ortiq dasturiy mahsulotlariga va Belarus, Chexiya, Qozog‘iston, Slovakiya, Bolgariya va Polsha davlatlarida 11 ta markazlariga ega. Shuningdek, “IBA Group” Belarus Respublikasining 3 ta universitetida o‘z o‘quv laboratoriyalariga ega.
Hozirda kompaniyada 2800 dan ortiq xodim faoliyat yuritadi. “IBA Group” o‘zining 25 yillik faoliyati davomida dunyoning 40 dan ortiq mamlakatlaridan buyurtma asosida qabul qilingan 2 000 dan ortiq muvaffaqiyatli yirik loyihalarni amalga oshirgan.
Bundan tashqari, kompaniya dunyodagi TOP-100 autsorsing kompaniyalari va Belarusdagi IT sohasida ish beruvchilarning eng yaxshi TOP-3taligiga kiritilgan. IBA Group kompaniyasining 2020-yildagi tovar aylanmasi 380 000 000 AQSh dollarini tashkil etadi.
2021-06-04