O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi rahbariyati, shuningdek, AQShda xizmat safari bilan bo‘lib turgan IT Park Uzbekistan bosh direktori Abdulahad Kuchkarov BMTning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida 2025-yilgi BMT Davlat xizmati forumiga tayyorgarlik ko‘rish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuvda ishtirok etdi.
BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar departamenti (UNDESA) O‘zbekistonning global reytinglardagi o‘rnini mustahkamlash hamda ochiq, barqaror va samarali davlat tuzilmalarini shakllantirishga qaratilgan tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashini tasdiqladi.
Uchrashuv davomida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan raqamli islohotlar va 2025-yil 23–25-iyun kunlari Samarqand shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan Forumga tayyorgarlik bo‘yicha ko‘rilayotgan tashkiliy chora-tadbirlarga bag‘ishlangan taqdimot namoyish etildi.
Forum O‘zbekistonning davlat boshqaruvi va raqamli transformatsiya sohasidagi yutuqlarini aks ettiruvchi yuqori darajadagi yalpi majlislar, amaliy seminarlar va milliy tajriba taqdimotlarini o‘z ichiga olgan yirik xalqaro tadbir bo‘lishi kutilmoqda. Forumda BMT tizimidagi tashkilotlar, xalqaro muassasalar vakillari hamda turli mamlakatlar vazirlari ishtirok etadi.
Shuningdek, uchrashuvda yuqori martabali xorijiy amaldorlarning ishtiroki va Nyu-Yorkdagi BMTning doimiy vakolatxonalari bilan olib borilayotgan hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Forumning keng qamrovli va mazmunli bo‘lishini ta’minlash uchun nafaqat davlat organlari, balki ilmiy doiralar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, IT-kompaniyalar va fuqarolik jamiyati vakillari ham jalb qilinishi muhimligi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida BMT Bosh kotibi o‘rinbosari Navid Hanif O‘zbekistonning raqamli davlat boshqaruvini rivojlantirish, elektron hukumat yechimlarini joriy etish va davlat xizmatlari sifatini oshirish borasidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholadi. U O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi islohotlarning yetakchi namunalaridan biri sifatida ta’riflab, forumning Samarqandda o‘tkazilishi mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzi ortib borayotganidan dalolat berishini ta’kidladi.
2025-04-17