BMT Taraqqiyot dasturi bilan memorandum imzolandi

15-dekabr kuni Toshkentda AKT vaziri Sherzod Shermatov, Bosh vazir o‘rinbosari hamda Oila va ayollar masalalari Davlat qo‘mitasi rahbari Zulayho Maxkamova, BMTTDning O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska, AKT vaziri maslahatchisi Kamola Sobirova, IT Park direktori o‘rinbosari Maxliyo Muksinova va boshqa bir qator tashkilotlar vakillari ishtirokida “O‘zbekistonda gender raqamli tafovutni bartaraf etish” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbir O‘zbekistonda gender raqamli tafovutni bartaraf etish bo‘yicha asosiy tavsiyalar va boshqa bir qator masalalarga bag‘ishlandi.

“Agar raqamli tengsizlik haqida gapiradigan boʻlsak, avvallari Oʻzbekistonda ayollarning aksariyati internetdan foydalanmaydi, degan fikr paydo boʻlgan edi.  Ammo turli tadqiqotlar tufayli ayollar axborot texnologiyalaridan yaxshi foydalana olishlari maʼlum boʻldi. Biz ayollarni AKT sohasiga yanada ko‘proq jalb qilishga harakat qilmoqdamiz. Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan axborot texnologiyalari strategiyasidan kelib chiqib, O‘zbekiston joriy yil oxirigacha IT-xizmatlar eksportini 100 million AQSh dollarigacha oshirmoqchi, keyingi 5 yil ichida esa ushbu ko‘rsatkich 1 milliard AQSh dollariga yetadi. Shu bois IT sohasida ayollarning faolligini oshirish hamda ularning rivojlanishi va o‘sishi uchun shart-sharoit yaratish juda muhim” — dedi vazir Sherzod Shermatov o‘z nutqida.

Shuningdek, uchrashuvda raqamli tafovutni bartaraf etishning eng ilg‘or amaliyotlari, raqamlashtirishda gender tengligi: taraqqiyotning asosiy toʻsiqlari va yoʻllari, O‘zbekistonda gender masalalarini hal qilishda ayollarning bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

 

Tadbirda IT Park direktorining raqamli ta’limni rivojlantirish bo‘yicha o‘rinbosari Maxliyo Muxsinova ham so‘zga chiqdi. U uchrashuv ishtirokchilariga ayollar uchun ta’lim imkoniyatlari haqida gapirib berdi.  Jumladan, IT Park tomonidan amalga oshirilgan quyidagi ayollar ta’lim loyihalari haqida: ITWomen.Uz, TechBika, Skills4girls, Future Skills, Tumaris Tech, Digital Internship Program, Digital Pulse va boshqalar.

Tadbir yakunida BMT Taraqqiyot dasturi va O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

 

2022-12-16