Buyuk Britaniyaning sobiq Bosh vaziri, Global o‘zgarishlar instituti raisi Toni Bler boshchiligidagi delegatsiya Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT Park Uzbekistan'ga tashrif buyurdi.Tashrif doirasida dastlab delegatsiyaga IT Park Uzbekistan va Raqamli texnologiyalar vazirligida amalga oshirilayotgan islohotlar, asosiy yo‘nalishlar hamda kelgusidagi rejalar haqida taqdimot qilindi.
Shuningdek, Toni Bler IT mutaxassislarini tayyorlashga ixtisoslashgan Ustudy IT akademiyasi faoliyati, muhim infratuzilmalarning kiberxavfsizligini ta’minlashga qaratilgan innovatsion loyihalar markazi — UZSOC hamda Yagona integrator UZINFOCOMda amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishtirildi. Xususan, sun’iy intellekt va raqamli yechimlar sohasidagi loyihalarga alohida e’tibor qaratildi.
Tashrifning asosiy qismida Sherzod Shermatov va Toni Bler o‘rtasidagi uchrashuvda O‘zbekistondagi raqamli infratuzilmani rivojlantirishga oid qator masalalar muhokama qilindi.
Xususan, xalqaro autsorsing xizmatlarini O‘zbekistonda rivojlantirish, mahalliy IT mutaxassislarini jahon bozoriga tayyorlash, Coursera platformasi bilan hamkorlikda olib borilayotgan ta’lim dasturlari, xorijiy IT kompaniyalar uchun IT Park Uzbekistan tomonidan yaratilgan sharoitlar, soliq imtiyozlari, jumladan, “Zero Risk” kabi keng qamrovli loyihalarning ijobiy natijalari muhokama etildi.
Uchrashuvda, shuningdek, yosh mutaxassislarni sun’iy intellekt va kiberxavfsizlik sohasida o‘qitish borasidagi hamkorlik imkoniyatlari, ingliz tilini o‘qitish darajasini oshirish, xorijdan murabbiylar va mutaxassislarni jalb qilgan holda trening va seminarlar tashkil etish masalalari ko'rib chiqildi.
O‘zbekistonni “IT Hub” sifatida targ‘ib qilish va Yevropa kompaniyalarni IT Park rezidentiga aylantirish orqali ularning xarajatlarini optimallashtirish va masofaviy ishlash imkoniyatlaridan foydalanib, bizneslarini rivojlantirish bo‘yicha takliflar berildi.
Bundan tashqari, DataVolt ACWA Power bilan hamkorlikda barpo etilayotgan “yashil” ma’lumotlar markazlari salohiyatidan foydalanish uchun yirik bulutli kompaniyalarni taklif etish hamda Saudiya Arabistoni tajribasi asosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar orqali yangi ma’lumotlar markazlarini qurish uchun investorlarni jalb qilish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar, shuningdek, raqamlashtirish, startaplar uchun qulay ekotizim yaratish, chet el kompaniyalarini mamlakatga jalb etish yuzasidan ham fikrlar almashishdi.
Uchrashuv yakunida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Toni Blerni joriy yil iyun oyida Samarqandda bo‘lib o‘tadigan BMT Davlat xizmati forumida va 23-25-sentabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadigan "ICT Week Uzbekistan" tadbirida ishtirok etishga taklif qildi.
Tomonlar uchrashuv uchun minnatdorlik bildirib, kelgusi loyihalarning muvaffaqiyatli amalga oshishiga umid bildirishdi.
Ma'lumot uchun: Buyuk Britaniyaning sobiq Bosh vaziri Toni Bler tomonidan 2016-yilda tashkil etilgan institut xalqaro notijorat tashkilot hisoblanadi. U turli mamlakatlarga barqaror va innovatsion rivojlanishning yangi modellarini ishlab chiqishda, iqlim o‘zgarishi va boshqa zamonaviy tahdidlarga qarshi kurashishda ko‘maklashadi.
2025-04-10