“Central Asian Innovation Hub” delegatsiyasi sun’iy intellekt va raqamli transformatsiya sohasidagi dunyodagi eng yirik tadbirlardan biri — “Dubai AI Week 2025”da ishtirok etdi. Forumda qatnashish Markaziy Osiyo startaplarining global texnologik xaritadagi o‘rnini mustahkamlashda muhim bosqich bo‘ldi va ularning Yaqin Sharq bozorlariga keng ko‘lamda kirib borishiga asos yaratdi.
“Dubai Centre for Artificial Intelligence” va “Dubai Future Foundation” tomonidan tashkil etilgan “Dubai AI Week” 100 mamlakatdan 10 000 dan ortiq ishtirokchini, jumladan, “Google”, “Microsoft”, “Meta”, “IBM” va “NVIDIA” kabi texnologiya gigantlarining yetakchi mutaxassislari, investorlari va vakillarini birlashtirdi. Tadbirning maqsadi iqtisodiyot, davlat boshqaruvi va ta’lim tizimlariga sun’iy intellektni joriy etishni tezlashtirishdan iborat edi.
Dastur doirasida Markaziy Osiyo startaplari imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan memorandum imzolandi. Hamkorlik memorandumi “Astana Hub”, IT Park Uzbekistan, “Al-Farabi Innovation Hub” va “Dubai International Financial Centre” (DIFC) o‘rtasida tuzildi. Hujjatni “Astana Hub” bosh direktori Magjan Madiyev, IT Park Uzbekistan global marketing bo‘yicha direktori Jamila Xalibayeva, “Al-Farabi Innovation Hub” asoschisi Aslan Sultonov va “DIFC” bosh direktori Orif Amiri imzoladilar.
Tomonlar startaplarga infratuzilma, qo‘shma R&D loyihalari va xalqaro investitsiya fondlaridan foydalanish imkoniyatini taqdim etgan holda BAAda mintaqaning IT-yechimlarini ilgari surish uchun yagona xab yaratishga kelishib oldilar. Shunday qilib, yosh texnologiya kompaniyalari nafaqat o‘z mahsulotlarini rivojlantirishni tezlashtirish, balki mintaqadagi yetakchi xablarning resurslari va tajribasidan foydalangan holda Yaqin Sharq bozorlariga chiqish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Hujjat O‘zbekiston va Markaziy Osiyo startaplari uchun qo‘shma akseleratsiya dasturlarini amalga oshirish, umumiy kapitali ikki milliard dollardan ortiq bo‘lgan “DIFC” venchur fondlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirish imkoniyatini berish, shuningdek, raqamli iqtisodiyot va sun’iy intellektni tartibga solish bo‘yicha tajriba almashishni nazarda tutadi. Bitim imzolanishi Qozog‘iston Raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoat vaziri Jaslan Madiyev va Dubay xalqaro moliya markazi (DIFC) rahbari Essa Kazim ishtirokida bo‘lib o‘tdi, bu mintaqalararo hamkorlikning yuqori darajasini ko‘rsatadi.
“Machines Can See” ko‘rgazmasi doirasida “Central Asian Innovation Hub” delegatsiyasi mintaqa rezidentlarining innovatsion yechimlarini taqdim etdi. “Qalan”, “Arlan Biotech”, “Dereknet”, “Growz” va “Unitlab” startaplari ko‘rgazma maydonida o‘zlarining sun’iy intellekt sohasidagi ishlanmalarini namoyish etdilar, ular bilan investorlar va xalqaro kompaniyalar vakillari tanishdilar.
“Unitlab AI” startapi sun’iy intellekt modellarini yaratish jarayonini 15 baravar tezlashtiradigan va ilg‘or avtomatlashtirish vositalarini integratsiya qilish orqali xarajatlarni besh baravar kamaytiradigan ma’lumotlar bilan ishlashni avtomatlashtirish platformasini taqdim etdi.
“Growz” agrotexnologik loyihasi sun’iy intellektdan foydalangan holda kichik fermer xo‘jaliklarining hosildorligini oshirish uchun rasmlar orqali o‘simlik kasalliklarini aniqlash, agrotexnik tadbirlar bo‘yicha shaxsiy tavsiyalar berish va o‘rnatilgan marketpleysga ega mobil ilova orqali to‘liq yetishtirish siklini boshqarish yechimini namoyish etdi.
IT Park Uzbekistan global marketing bo‘yicha direktori Jamila Xalibayeva ta’kidlaganidek:
“Dubaydagi habning ochilishi strategik qadam bo‘lib, mintaqa startaplariga MENA mintaqasining resurslari, investitsiyalari va ilg‘or kompetensiyalaridan bevosita foydalanish imkonini beradi. Bu nafaqat Markaziy Osiyo tadbirkorlari uchun o‘sish istiqbollarini kengaytiradi, balki mintaqaning innovatsion yechimlarini global raqamli iqtisodiyotga integratsiyalashuviga yordam beradi.”
Ishchi dastur doirasida delegatsiya, shuningdek, BAA Sun’iy intellekt, raqamli iqtisodiyot va masofaviy bandlik vazirligi, “Dubai Digital Authority”, “DIFC Innovation Hub”, “Truleum Venture Partners” venchur studiyasi, shuningdek, Markaziy Osiyoda o‘z faoliyatini kengaytirishdan manfaatdor ITES kompaniyalari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
“Central Asian Innovation Hub”ning “Dubai AI Week 2025” tadbiridagi ishtiroki Markaziy Osiyoning global texnologik kun tartibidagi o‘sib borayotgan rolini tasdiqladi va mintaqa startaplari uchun yangi ufqlarni ochadigan barqaror xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasidagi muhim qadam bo‘ldi.
2025-04-28