Chegarasiz startaplar: IT Park Uzbekistanda INMerge Uzbekistan Innovation Summit o‘tkazildi

Toshkentda ilk bor “INMerge Uzbekistan Innovation Summit” bo‘lib o‘tdi. Innovatsiyalar, startap ekotizimlari va venchur investitsiyalari sohasidagi yetakchilarni birlashtirgan ushbu tadbir butun mintaqadan asosiy ishtirokchilarni tajriba almashish va yangi transchegaraviy aloqalar o‘rnatish uchun to‘pladi. IT Park Uzbekistan va “PASHA Holding” tomonidan O‘zbekiston fintech assotsiatsiyasi ko‘magida tashkil etilgan mazkur anjuman mamlakatning Markaziy Osiyo, Kavkaz va Yaqin Sharq uchun ishonchli hamkor va keng ko‘lamli innovatsiyalar tashuvchisi sifatidagi o‘rnini yana bir bor tasdiqladi.

Asosiy voqealar qatorida startap pitchlari, mazmunli panel muhokamalari, shuningdek “PashaPay” va O‘zbekiston fintech assotsiatsiyasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumining imzolanishi bo‘ldi. Barcha tadbirlar moliyaviy texnologiyalarni rivojlantirish, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va texnologik hamkorlik doirasini kengaytirishga qaratilgan umumiy yo‘nalishni aks ettirdi.

Tadbirga IT Park Uzbekistan bosh direktori Abdulaxad Kuchkarov va “PASHA Holding” innovatsiyalar bo‘yicha direktori Tugra Musayeva rasmiy start berdilar.

“IT Park Uzbekistan uchun xalqaro aloqalarni rivojlantirish, Markaziy Yevroosiyo texnoparklari bilan o‘zaro munosabatlarni mustahkamlash va startaplarni qo‘llab-quvvatlash asosiy ustuvor yo‘nalishdir. “INMerge Uzbekistan Innovation Summit” mamlakatimiz ekotizimining jahon miqyosidagi mavqeini mustahkamlash yo‘lidagi yana bir qadam bo‘ldi,” — dedi IT Park Uzbekistan bosh direktori Abdulaxad Kuchkarov.

Sammit doirasida innovatsiyalar va texnologiyalar bo‘yicha maslahatchi, “IE University” professori Alberto LeviThe Invisible Wall: Breaking Through Bias in Innovation” mavzusida ma’ruza qildi. Taqdimot davomida u turli sohalarda innovatsiyalar rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan yashirin noxolislik shakllarini batafsil keltirib o‘tdi va yanada inklyuziv hamda samarali yechimlarni yaratish bo‘yicha strategiyalarni taqdim etdi. Sessiya tashkilotlarning tuzilmaviy va madaniy to‘siqlarni qanday yengib o‘tishi va o‘zlarining ijodiy salohiyatini qanday yuzaga chiqarishi mumkinligi haqida qimmatli g‘oyalarni taklif etdi.

Ishtirokchilar mintaqadagi fintech kompaniyalari o‘z yechimlarini turli bozorlarga qanday kengaytirishi va transchegaraviy hamkorlikni qanday mustahkamlashi mumkinligiga bag‘ishlangan “Building Fintechs Beyond Borders: Scaling Innovations Across Markets” panel muhokamasini katta qiziqish bilan kuzatdilar. Spikerlar orasida “Paynet” mahsulot direktori Farrux Xolmuhamedov, “Alif Uzbekistan” bosh direktori Nuriddin Lafizov, “VEON” “MVNO OQ” rahbari Suhrob Bayzakov va “PashaPay” direktorlar kengashi a’zosi, bosh operatsion va mahsulot direktori Yegor Petrov so‘zga chiqdilar. Muhokamaga “PashaPay” kompaniyasining bosh biznes direktori Rashad Gasanli moderatorlik qildi. Munozaraga banklarning innovatsiyalar va raqamli transformatsiya yo‘nalishlari rahbarlari ham qo‘shilib, Markaziy Osiyo va undan tashqarida fintechni yanada rivojlantirish bo‘yicha amaliy misollar va qarashlar bilan o‘rtoqlashdilar.

Ishtirokchilarning e’tibori rivojlanishning dastlabki bosqichlarida startaplar uchun investitsiyalarni jalb qilishning samarali vositalari va strategiyalarini aniqlashga bag‘ishlangan “Capital Meets Innovation: Unlocking Smart Investment for Early-Stage Startups” panel muhokamasiga qaratildi. Muhokamada venchur fondlari, korporativ sektor va ekotizimning asosiy vakillari: “Aloqa Ventures” hamkori Davron Parmonov, “IT Park Ventures” direktori o‘rinbosari Daler Nodirov, “IMAN Invest” kompaniyasining “Private Banking” vitse-prezidenti Ulug‘bek G‘ulomov, “Plug and Play Uzbekistan” direktori Muhammad Mahmudov va “SABAH.Hub” direktorlar kengashi a’zosi Orxan Abbosov ishtirok etdi. Moderator vazifasini “Enhance Ventures” kompaniyasining venchur arxitektori Baba Agayev bajaradi. Mutaxassislar institutsional va korporativ investorlarning roli, sifatli netvorking va moslashuvchan tartibga solishning ahamiyatini muhokama qildilar, shuningdek, to‘g‘ri tuzilgan investitsiya strategiyasi Markaziy Osiyo startaplarini yangi bosqichga olib chiqishi mumkinligini ko‘rsatuvchi muvaffaqiyatli misollar bilan o‘rtoqlashdilar.

Dasturning qiziqarli jihati “From Local Champions to Regional Catalysts: Fintech Futures in the Turkic World” mavzusidagi “fireside chat” bo‘lib, unda ishtirokchilar mahalliy bozor yetakchilarini mintaqaviy o‘sish drayverlariga aylantirish istiqbollarini muhokama qildilar. Spikerlar sifatida “PashaPay” bosh direktori Samir Mamedov va “UZUM” bosh operatsion direktori Roman Lavrentyev so‘zga chiqdilar. Sessiyaga “PASHA Holding” innovatsiyalar bo‘yicha direktori Tugra Musayeva moderatorlik qildi. Muloqotda ishtirokchilar turkiy dunyoda fintechning kelajagi haqidagi o‘z qarashlarini bildirdilar, yaxlit ekotizimni rivojlantirish va mintaqaviy loyihalarni yangi marralarga olib chiqish uchun strategik sheriklik va tajriba almashishning muhimligini ta’kidladilar.

Uchrashuvning asosiy natijasi “PashaPay” va O‘zbekiston fintech assotsiatsiyasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumining imzolanishi bo‘ldi. Ushbu qadam tomonlarning fintech sohasini birgalikda rivojlantirish, startaplarni qo‘llab-quvvatlash va mamlakat ichida ham, undan tashqarida ham tadbirkorlik ekotizimlarini kengaytirishga bo‘lgan intilishini ifodalaydi. Hujjat tajriba almashish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va yangi fintech yechimlarini mintaqaviy hamda global bozorlarga olib chiqish uchun asos yaratadi.

“Building for the Long Game: TBC Uzbekistan x BILLZ Exit Case” panel muhokamasi ishtirokchilarda alohida qiziqish uyg‘otdi. Unda qatnashchilar muvaffaqiyatli chiqish tajribasi va O‘zbekistonda biznesni barqaror rivojlantirish strategiyalari haqida fikr almashdilar. Muhokamada “TBC Uzbekistan” bosh direktori Nika Kurdiani, “BILLZ” bosh direktori va hammuassisi Rustam Hamdamov, startap va investitsiyalarni rivojlantirish bo‘yicha direktor Elyor Maksudov va “Sturgeon Capital Ltd” hamkori Alijon Ravshanov ishtirok etdi. Muhokamani “AK Capital Consultancy” bosh direktori Azizbek Qurbonov boshqardi. Spikerlar banklar va institutsional fondlar e’tiborini jalb qilish uchun zarur bo‘lgan jamoaning yetukligi, jarayonlarning shaffofligi va barqaror biznes modeli masalalarini muhokama qildilar. Shuningdek, venchur qo‘llab-quvvatlashning ahamiyati, “Sturgeon Capital” kabi xalqaro fondlarning tajribasi va IT Park’ning startaplarni bunday darajadagi bitimlarga tayyorlash yondashuvi ko‘rib chiqildi.

Tadbir startaplar pitch tanlovi bilan yakunlandi. Unda dastlabki bosqichdagi 10 ta loyiha investorlar va soha mutaxassislaridan iborat hakamlar hay’atiga o‘z g‘oyalarini taqdim etdi. Ishtirokchilar orasida “Mulk Protocol”, “LaCafe”, “SOFF.UZ”, “InnTouch”, “Exode.biz”, “Karmon AI”, “PromptLab”, “Moliy.AI”, “Azma Finance” va “Aisha AI” kabi startaplar bor edi. Tanlovda g‘oliblikni “PromptLab” — xaridlar uchun AI-agenti qo‘lga kiritdi. U O‘zbekistonni “INMerge Baku 2025” tadbirida taqdim etadi. Jamoa xalqaro investorlar e’tiborini tortish imkoniyatiga ega bo‘ladi va “INBattle” sosiy sahnasida $30 000 miqdoridagi mukofot jamg‘armasining bir qismi uchun kurashadi.

2025-yil 29–30-sentyabr kunlari Bokuda “PASHA” xoldingi tomonidan tashkil etiladigan “INMerge” global innovatsion sammiti 30 dan ortiq mamlakatdan 1000 nafardan ziyod kompaniya asoschilari, investorlar, korporativ rahbarlar va siyosatchilarni to‘playdi. Ikki kunlik sammit davomida Kaspiy dengizi va Markaziy Osiyoda innovatsiyalarni rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish va mintaqalararo hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan asosiy ma’ruzalar, panel munozaralari, startap tanlovlari va aloqalar o‘rnatish imkoniyatlari taqdim etiladi.

“INMerge Uzbekistan Innovation Summit”ning o‘tkazilishi O‘zbekistonning xalqaro texnologik muloqot va investitsiyalarni jalb qilish uchun barqaror maydon yaratishda davom etayotganini yana bir bor tasdiqlaydi. IT Park Uzbekistan tadbirkorlik ekotizimlarini rivojlantirishga hissa qo‘shadigan, mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlaydigan hamda startaplar va investorlar uchun yangi imkoniyatlar ochadigan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashni davom etish niyatida.

2025-07-17