IT Park Uzbekistan bosh direktori Abdulaxad Kuchkarov “Coursera” onlayn platformasining EMEA (Yevropa, Yaqin Sharq, Afrika) mintaqasi bo‘yicha boshqaruvchi direktori Nikolas Fuko va mijozlar bilan ishlash bo‘yicha katta menejeri Vera Ignateva boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar O‘zbekistonda onlayn ta’limni rivojlantirish istiqbollari, xalqaro ta’lim dasturlarini integratsiyalash va ta’lim sohasini raqamlashtirish doirasidagi hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini muhokama qildilar.
Coursera — 2012-yilda Stenford universiteti professorlari Endryu In va Dafna Koller tomonidan asos solingan dunyodagi eng yirik onlayn platformalardan biri hisoblanadi. Bugungi kunda platforma 140 milliondan ortiq ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilarni birlashtiradi va 5 800 dan ortiq kurs, 3 000 ta loyiha, 750 ta ixtisoslik, 45 dan ortiq professional sertifikat va 40 dan ortiq ilmiy daraja olish dasturlarini taklif etadi. Kompaniyada 1200 nafarga yaqin xodim faoliyat yuritadi va hamkorlik tarmog‘i butun dunyo bo‘ylab 325 dan ortiq universitet va kompaniyani qamrab oladi. “Coursera” bosh qarorgohi AQShning Kaliforniya shtatidagi Mauntin-Vyu shahrida joylashgan.
Muzokaralar davomida hamkorlikni kengaytirishning mumkin bo‘lgan yo‘nalishlari muhokama qilindi: qo‘shma ta’lim dasturlarini rivojlantirish, kasbiy sertifikatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, universitetlar va davlat tuzilmalari uchun moslashuvchan raqamli yechimlarni joriy etish. “Coursera” O‘zbekistonga IT-kadrlar tayyorlashda, ayniqsa sun’iy intellekt, bulutli texnologiyalar va kiberxavfsizlik sohalarida yordam berishga tayyorligini bildirdi.
“Coursera” platformasoni IT Park Uzbekistan tashabbuslariga, jumladan, IT Park mutaxassislarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish dasturlariga, shuningdek, mamlakat universitetlarini “Coursera” global ekotizimiga jalb qilish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi. Delegatsiya o‘zbekistonlik talabalarning yuqori darajadagi tayyorgarligi va EdTech yechimlarini joriy etish uchun qulay shart-sharoitlar mavjudligini ta’kidladi.
“Coursera” bilan hamkorlik IT Park Uzbekistan’ga yoshlar va mutaxassislar uchun ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish, milliy onlayn ta’lim tizimini xalqaro darajaga olib chiqish va mamlakatning mintaqadagi raqamli kadrlar tayyorlash markazi sifatidagi mavqeini mustahkamlash imkonini beradi.
2025-10-02