Raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi Akihiro Sakurai va IT Park ijrochi direktori Abdulahad Kuchkarov boshchiligidagi IT Park jamoasi Yaponiyaning yirik qurilish korporatsiyalaridan biri — uy-joy va tijorat ko‘chmas mulkiga ixtisoslashgan “Daiwa House Group” kompaniyasi delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralar davomida kompaniya vakillari O‘zbekistonda biznesni rivojlantirish, shuningdek, IT va qurilish sohalarida mumkin bo‘lgan hamkorlikka qiziqish bildirdilar.
Nima uchun bu muhim?
“Daiwa House Group” 1955-yilda Yaponiyaning Osaka shahrida tashkil etilgan va bugungi kunda eng yirik qurilish kompaniyalaridan biri hisoblanib, 2024-yilda 35,43 milliard dollar daromad olgan. Kompaniya Yaponiyadagi keksalar va sog‘liqni saqlash ehtiyojlariga alohida e’tibor qaratgan holda turar-joy, tijorat va sanoat ko‘chmas mulki sohalarida barqaror va innovatsion yechimlar yaratish uchun ilg‘or texnologiyalardan faol foydalanmoqda.
Janubiy Osiyo biznes bo‘limi ijrochi direktori Shinji Tanioka boshchiligidagi “Daiwa House Group” delegatsiyasi IT Park vakillari bilan autsorsing imkoniyatlari, kadrlar salohiyati, shuningdek, O‘zbekistonda Daiwa House Group ofisini ochish imkoniyatlarini muhokama qildi.
“Daiwa House” kompaniyasi O‘zbekistondagi autsorsing imkoniyatlariga, ayniqsa, qurilish obyektlari dizayni sohasiga qiziqish bildirmoqda. Hozirda kompaniya Xitoy va Vyetnam kompaniyalari bilan muvaffaqiyatli hamkorlik qilib, arxitektura va muhandislik kabi muhim sohalarda loyihalash xizmatlarini taklif etmoqda. Ushbu tajribadan O‘zbekiston kompaniyalari bilan autsorsing sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish uchun foydalanish mumkin.
Bundan tashqari, “Daiwa House” AutoCAD kabi dasturlarda loyihalash va ishlashga ixtisoslashgan kadrlarni O‘zbekistonda tayyorlash imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu mahalliy mutaxassislarni o‘qitish va ishga joylashtirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi, shuningdek, arxitektura va qurilish sohasida kadrlar malakasini oshiradi.
Uchrashuvda BIM tizimlari, modulli qurilish, robotlashtirish kabi ilg‘or texnologiyalarni qurilishga joriy etish, shuningdek, kelajak loyihalar simulyatsiyalari uchun virtual reallikdan foydalanish imkoniyatlari muhokama qilindi. “Daiwa House”, shuningdek, o‘zbekistonlik IT-kompaniyalar va startaplar bilan dasturiy ta’minot va qurilish uchun aqlli tizimlarni ishlab chiqish sohasida hamkorlik qilishga qiziqish bildirdi.
“Daiwa House Group kabi yirik kompaniyalarning O‘zbekistonga qiziqishini ko‘rib turganimizdan juda mamnunmiz. Bu mamlakatimizning, ayniqsa, qurilish va IT kabi yuqori texnologik va innovatsion sohalarda xalqaro hamkorlar uchun tobora jozibador bo‘lib borayotganining ajoyib namunasidir. Ishonchimiz komilki, qurilish sohasining rivojlanishi va IT-sektorining o‘sishini hisobga olgan holda, O‘zbekiston qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va ushbu sohada ilg‘or yechimlarni joriy etish uchun muhim markazga aylanishi mumkin,” — dedi IT Park ijrochi direktori Abdulahad Kuchkarov.
IT Park vakillari bilan uchrashuvda vazir maslahatchisi Sakurai Akihito ishtirok etib, Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasida qurilish, texnologiya va ta’lim sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlash muhimligini ta’kidladi.
Kompaniyaning tashrifi O‘zbekistonda biznes imkoniyatlarini kengaytirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi va xalqaro korporatsiyalarning mamlakatga qurilish va IT sohasida innovatsion yechimlarni joriy etish uchun istiqbolli bozor sifatidagi qiziqishini tasdiqladi.
IT Park xalqaro aloqalarni faol rivojlantirishda va startaplar hamda kompaniyalarning xorijiy bozorlarga chiqishga intilishini qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda.
2025-01-28