O‘zbekiston AKT vaziri Sherzod Shermatov boshchiligidagi delegatsiya Qozog‘istonning Ostona shahrida 28 va 29-sentabr kunlari bo‘lib o‘tgan “Digital Bridge” (“Raqamli ko‘prik”) xalqaro raqamli texnologiyalar va biznes forumida ishtirok etdi.
Xalqaro forum Qozog‘istondagi eng yirik IT tadbirlaridan biri bo‘lib, 2018-yildan buyon Qozog‘iston prezidenti ishtirokida har yili o‘tkazib kelinmoqda.
Bu yil tadbirning mavzusi “Central Eurasia as a new tech platform” (“Markaziy Yevroosiyo yangi texnologik platforma sifatida”) bo‘ldi. Uning doirasida O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov “Raqamli O‘zbekiston” taqdimoti bilan ishtirok etdi.
Taqdimot chog‘ida Sherzod Xotamovich O‘zbekistonda mavjud IT-imkoniyatlar, IT sohasini rivojlantirish maqsadida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yangi dastur va loyihalar, shuningdek, O‘zbekistonda kutilayotgan eng yirik IT-tadbir – Samarqand shahrida 24-27 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan “ICT Week Uzbekistan” haftaligi haqida batafsil so‘zlab berdi.
Bundan tashqari, forumdagi IT-Park stendida Beautify.uz, Avlo.shop, Billz.uz, OneApp, TASS Vision, Sug‘urta Bozor va MyID kabi o‘zbek startap loyihalari namoyish etildi.
Shuningdek, “Turkiy tilli mamlakatlarda startap ekotizimini rivojlantirish” panel sessiyasida IT Park direktori Farhod Ibragimov bilan bir qatorda “Astana hub” direktori Magjan Madiyev, Turkiyaning “Bilişim Vadisi texnoparki” direktori Ahmet-Serdar Ibrahimchioglu, Qirgʻiziston “Yuqori texnologiyalar parki” direktori Chubak Temirov, Turkiyaning “Bilkent cyberpark” kiberparki direktori Farruk Inaltekin va moderator sifatida Turkiy davlatlar tashkiloti loyiha rahbari Farrux Jumayev ishtirok etdi.
Ma’ruzachilarning har biri o‘z mamlakatlarida IT-sanoatini rivojlantirish bo‘yicha o‘z qarashlari bilan bo‘lishdi. Ishtirokchilar Turkiy Davlatlar Tashkiloti doirasidagi qo‘shma hamkorlik muhimligini qayd etgan holda milliy loyihalarni jadallashtirish maqsadida texnoparklarni integratsiyalash imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Farhod Zairovich O‘zbekistonda autsorsingni rivojlantirish alohida ahamiyat kasb etishi, bu yoshlar e’tiborini IT sohasiga qaratish va yosh mutaxassislarni ish bilan ta’minlashning eng tezkor usuli ekanligini qayd etdi. Shuningdek, u buyurtma va hamkorlarni jalb qilish uchun turkiy tilli mamlakatlar brendini mustahkamlash zarurligini ta’kidladi.
Sessiyada Farhod Ibrohimov xalqaro platformalarga alohida emas, balki mintaqaviy miqyosda kirish zarurligini taʼkidladi, chunki Markaziy Osiyo davlatlari bu yoʻnalishda anchadan beri ish olib borayotgan davlatlar, masalan, Hindiston, Filippin va boshqa davlatlar koʻlamiga yetib bormagan. Shuningdek, IT-Park direktori bunday platformalarni tez-tez tashkil etish zarurligini va ular Markaziy Osiyo mamlakatlariga tezlashtirilgan rejimda maʼlum natijalarga erishishga yordam berishini qoʻshimcha qildi.
Forum yakunlari boʻyicha Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo davlatlarning texnoparklari oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Bitim IT sohasi va innovatsion ekotizimni birgalikda rivojlantirishga qaratilgan. Bundan tashqari, Turkiy davlatlar tashkiloti zamonaviy texnoparklar assotsiatsiyasini tashkil etish imkoniyatlari ko‘rib chiqiladi.
O‘zbekiston delegatsiyasi “Astana Hub” direktori Magjan Madiev bilan ham alohida uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda tomonlar hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar. Qozog‘istonlik hamkasb O‘zbekiston Respublikasining IT-Park infratuzilmasini kengaytirish tajribasiga, O‘zbekiston tomoni esa Qozog‘istonning startap ekotizimini rivojlantirish va venchur mablag‘larini jalb etish tajribasiga qiziqish bildirdi.
“Astana Hub” rahbari Rossiya va Belarusdan ko‘chib kelayotgan IT-mutaxassislar ko‘pligini ta’kidladi va manfaatdor tomonlar uchun zarur shart-sharoitlarni ta’minlash bo‘yicha hamkorlik taklif qildi.
Tadbir doirasida O‘zbekiston vakillari “Alem School” maktabi direktori Danabek Kaliajdarov bilan ham uchrashib, dasturlash maktabi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Forum doirasida IT-Park ayrim korxona va tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ydi.
Xususan, IT Park Nazarboyev universiteti bilan Inha, Amity va TATU universitetlari bilan hamkorlikda sun’iy intellekt sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qildi. Qozog‘iston universiteti vakillari turkiy tillardagi so‘zlarni o‘zbek tilini ham o‘z ichiga olishi kerak bo‘lgan boshqa tillarga tarjima qilish imkonini beruvchi loyihani yo‘lga qo‘yish maqsadida O‘zbekistonga tashrif buyurish istagini bildirdi.
Ukrainaning dasturiy ta’minot va “Internet of Things” texnologiyalarini ishlab chiqaruvchi “DataArt” kompaniyasi ham IT-Park bilan hamkorlik qilish istagini bildirdi. Shuningdek, kompaniya vakillari O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasini ochishni rejalashtirayotganliklarini ma’lum qildilar.
Bundan tashqari, ikki kompaniya IT-Park bilan startap sohasida hamkorlik qilish imkoniyatlarini muhokama qildi. Xususan, “Sergazin Startups” kompaniyasi bilan IT-park doirasida startap loyihalari, inkubatsiya va akseleratsiya dasturlarida mentorlik bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. “Yandeks Cloud” kompaniyasi esa “Yandeks” tizimlariga kirish va moliyaviy ko‘mak berish orqali o‘zbek startaplarini qo‘llab-quvvatlashga qiziqish bildirdi.
2022-10-06