Donʼt Waste: iste'mol mahsulotlarini isrof qilmagan holda insonlarga yordam berish loyihasi

Obunachilarimizga manzur boʻlgan “Startup Story” rukni qator startup dasturida ishtirok etgan muvaffaqiyatli loyihalar bilan tanishtirishda davom etmoqda. Bugun IT-Park mehmoni — Butunjahon hukumatlar sammiti doirasida BAA hukumati tomonidan tashkil etilgan “Best Global M-Gov Award” tanlovida Oʻzbekiston nomidan ishtirok etib, 500 000 BAA dirhami (136 000 AQSh dollari) miqdoridagi mukofotga sazovor boʻlgan “Donʼt Waste” startapi aʼzolari.

“Best Global M-Gov Award” – BAA hukumati tomonidan “Million Coders” bitiruvchilari va talabalari oʻrtasida davlat xizmatlari uchun eng yaxshi mobil ilovalarni ishlab chiqish boʻyicha jahon miqyosidagi tanlovdir.

Startapning mohiyati

“Donʼt Waste” — oziq- ovqat va isteʼmol mahsulotlarini isrof qilmagan holda, ulardan unumli foydalanishni tashkil etishni koʻzda tutuvchi loyiha.

Loyihaning ishlash jarayoni quyidagi ikki yoʻnalishda tashkil etiladi.

Birinchi yoʻnalish- Restoranlar, umumiy ovqatlanish shoxobchalarida kunlik isteʼmol mahsulotlarining maʼlum qismi ortib qoladi. Loyiha orqali mana shu isteʼmolga yaroqli holdagi ovqatlarni qayta sotish yoki ehson qilish imkoniyati yaratiladi. Yaratilgan mobil ilovada tizimga ulangan kompaniyalar koʻrsatilgan manzil doirasida paydo boʻladi va ehtiyojmand insonlar topib borishi uchun navigatorlik vazifasini bajaradi.

Ikkinchi yoʻnalish – Isteʼmol qilish muddati oʻtgan mahsulotlarni chorva va parrandalar uchun sotuvga berish yoki begʻaraz maqsadda taqdim etishni koʻzda tutadi.

Jamoa keyinchalik yoʻlga qoʻyishni rejalashtirayotgan yo'nalishlari— isteʼmolga yaroqsiz holga kelgan mahsulotlarga biokimyoviy qoʻshimchalar aralashtirgan holda yer uzun oʻgʻit tayyorlaydigan kompaniyalar bilan hamkorlik qilishdan iborat.

"Hozirda Oʻzbekiston bozorini oʻrganmoqdamiz. Ushbu loyihaning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi uchun bizga aʼlo darajadagi marketing reja va targʻibot ishlari kerak boʻladi. Mijozlarni va restoran egalarini loyihaning foydali tomonlariga ishontira olsak, keyinchalik Markaziy Osiyo va dunyo bozoriga chiqish imkoniga ham ega boʻlamiz.

Jahon bozoriga chiqishdan oldin ham oʻsha mamlakatda maʼlum muddat yashab, uning oʻziga xos tomonlari, bozor iqtisodiyoti va sharoitlarini kompleks tahlil qilish kerak boʻladi. Oʻylashimizcha. Startap loyihaning muvaffaqiyati davlat iqtisodiy rivoji  bilan bir qatorda, balki ushbu mamlakatning qadriyatlari, aholisining xulq-atvori va toʻlov qobiliyatiga ham chambarchas bogʻliqdir."

Startapni yaratish gʻoyasi qanday paydo boʻldi?

Jamoa fikricha gʻoyani yaratishda bizga turtki boʻlgan sabablar xalqaro maydonda sodir boʻlmoqda. "Food Waste Index Report" nashrining maʼlumotlarini koʻradigan boʻlsak, har yili dunyo boʻylab 1,5 trln tonnaga yaqin oziq- ovqat va isteʼmol mahsulotlari isrof boʻladi. Ularning moddiy qiymati esa qariyb 1 trln dollarni tashkil etadi. Bundan tashqari isrof boʻlayotgan mahsulotlardan chiqadigan zararli gazlar atrof-muhit uchun salbiy taʼsir koʻrsatadi.

"Mana shundan muammolarga yechim topish maqsadida biz amalda ishlaydigan loyihani yaratishga qaror qildik. Jamoaviy ishlaganimiz uchun loyihaning kopseptual jihatdan ishlab chiqish va texnik jihatdan qandaydir qiyinchiliklarga duch kelmadik. Ammo uni amaliy tayyor loyihaga olib kelish biroz qiyin kechdi".

“Best Global M-Gov Award” tanlovidagi ishtirok qanday kechdi?

Jamoa oldin akseleratorlarda ishtirok etmagan. Ular universitetda olingan bilimlar yordamida loyihalarni taqdimot qilishni o'rganishgan. “Best Global M-Gov Award” tanlovi haqida Inha universiteti telegram kanalida koʻrib qolib, ariza topshirishgan.  
"MgovAward Uzbekistan 2022 tanlovida kuchli yettilikka kirdik. Bunda izlanishda toʻxtamadik va  oʻz ustimizda ishlashda davom etdik. Loyihani yanada boyitib, uni xalqaro bosqichda qatnashish uchun joʻnatdik. Tanlovda dunyoning 60 dan ortiq davlatlaridan 1027 ta startap loyihasi kelib tushgan. “Donʼt Waste” loyihasi ular orasidan 2-oʻringa loyiq deb topildi va moliyalashtirishga yoʻnaltirildi".

Jamoa vakillarining barchasi Toshkent shahridagi INHA universitetida uchinchi bosqichida tahsil oladi. Jumladan:

  1. Javokhir Shomuratov – FullStack Developer, Team Leader
  2. Azizullo Temirov – Product and Project Manager
  3. Valisher Alisher – UI/UX Designer
  4. Khusan Rashidov – Backend Developer
  5. Mehrol Bazarov – Data Analyst

"Jamoamiz bilan faqatgina taqdirlash marosimida qatnashganligimiz bois Dubaydagi startap ekotizimini batafsil oʻrganish uchun yetarli vaqtimiz boʻlmadi. Ammo biz narsaga amin boʻldikki, Dubay startaplarni amalga oshirish, ularni moliyalashtirish va samarali ishlashni tashkil etish uchun ajoyib shahar".

Rejalar

Jamoa hozirda loyihani amalga oshirish ustida ish olib bormoqda.

"Mavjud resurslarni toʻgʻri taqsimlagan holda maksimal darajada unumli ishlashga harakat qilyapmiz. Dastlab loyihamizga e'tibor qaratmagan media vakillari hozirda bizga koʻp marotaba murojaat qilishmoqda, uning ishlash tizimi, oʻziga xos tomonlari haqida gapirib berishimizni soʻrashmoqda. Maslahat berish uchun hali juda katta tajribaga ega emasmiz. Lekin bizdan muvaffaqiyatga erishish omilingiz nima bo'lgan deb savol berishsa, mag'lubiyatdan keyin ham ortga chekinmaslik degan bo'lar edik".

2023-02-20