“DSR Corporation” xalqaro kompaniyasi IT Park rezidentiga aylandi.
Korporatsiya veb va mobil qurilmalarga oid ishlanmalar, blokcheyn, raqamli media, simsiz texnologiyalar, internet uchun yechimlar, “computer vision” va mashinali o‘qitishga ixtisoslashgan.
Kompaniya O‘zbekiston bozoriga 2021-yilda kirib kelgan. Endilikda Toshkent shahridagi ofis o‘z xodimlari safini tizimli ravishda kengaytirmoqda.
DSR korporatsiyasining regional menejeri Timur Rahmatullaev taʼkidlaganidek, IT Park rezidenti boʻlish kompaniya uchun katta sharafdir.
“Bugungi kunda IT Park rezidenti maqomini olish qator afzalliklarga ega. IT Park tomonidan amalga oshirilgan ishlar tufayli IT sohasida qanday o‘zgarishlar ro‘y berayotganini ko‘rib turibmiz. Ishonchimiz komilki, yillar davomida to‘plangan tajriba rezident sifatida O‘zbekiston IT-sohasini rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shish imkonini beradi”.
Kompaniya matbuot xizmati xabariga ko‘ra, tomonlar yosh mutaxassislarni tayyorlash sohasida hamkorlikni rivojlantirishni rejalashtirgan. DSR korporatsiyasi o‘quv markazi IT-mutaxassislari uchun bepul o‘quv kurslari va yillik stajirovka imkoniyatini taqdim etadi.
“Joriy yilning may oyida Toshkent shahridagi texnika fakultetlari talabalari uchun QA maktabi muvaffaqiyatli ishga tushirildi, avgust oyida esa veb-dasturlash kurslari, IoT qurilmalarini sinovdan o‘tkazish va o‘rnatilgan tizimlar uchun dasturlash bo‘yicha bepul kurslarga ro‘yxatdan o‘tish mumkin bo‘ladi. Eng yaxshi bitiruvchilar suhbatga taklif qilinadilar.”, — deya qo‘shimcha qildi Timur Rahmatullaev.
DSR Corporation haqida ma’lumot
Kompaniya 1998-yilda tashkil etilgan va hozirda butun dunyo bo'ylab startaplar va global brendlar bilan hamkorlik qiladi. Bosh ofisi AQShning Denver shahrida joylashgan. Deyarli 25 yillik faoliyat davomida kompaniya 1000 dan ortiq loyihalarni amalga oshirdi.
Kompaniya ishlanmalari:
• Smart-qurilmalar uchun Zigbee stek;
• Aqlli-uy (smart-home) uchun “zHome” ishlanmasi (mobil ilova, backend, IoT-gateway’ni o'z ichiga oladi),
• “Zigbee PRO” platformasini ishlab chiqish uchun asos solingan “ZBOSS Open Initiative” hamjamiyati
• mashinali o‘qitish va computer vision texnologiyalari asosida yechimlar yaratuvchi “Noema” sho‘ba korxonasi.
2022-06-17