Dubaydagi Uzbekistan Outsourcing Conference: O‘zbekiston IT autsorsing markaziga aylanish yo‘lida

15-fevral kuni Dubay shahrida O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT Park hamkorligida tashkil etilgan “Uzbekistan Outsourcing Conference” tadbiri katta muvaffaqiyat bilan o‘tkazildi va 100 dan ortiq yetakchi ekspertlar va ishbilarmon doiralar vakillarini birlashtirgan muhim voqeaga aylandi.

2023-yilda 41 ta IT Park rezidentlari umumiy qiymati $19,7 millionga teng IT-xizmatlar va raqamli mahsulotlarni Birlashgan Arab Amirliklariga eksport qildi. Shu nuqtayi nazardan, tadbirning asosiy maqsadi nafaqat ushbu ko‘rsatkichlarni oshirish, balki soliq imtiyozlari, qo‘llab-quvvatlash dasturlari, malakali kadrlar va rivojlangan IT-infratuzilma kabi mamlakatda yaratilgan sharoitlarni hisobga olgan holda O‘zbekistonni yangi IT-autsorsing markazi sifatidagi IT-salohiyatini oshirish edi.

Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Raqamli Texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, O‘zbekistonning Abu-Dabidagi elchisi Abdulaziz Akulov, IT Park bosh direktori Farhod Ibragimov, “DIFC Innovation Hub” bosh direktori Muhammad Albushi, shuningdek, yetakchi IT va BPO-kompaniyalari vakillari, venchur kapital fondlari va investorlar ishtirok etishdi.

Tadbir doirasida xalqaro kompaniyalar va hamkorlar, jumladan, “IDA Ireland” kompaniyasining Yaqin Sharqdagi mintaqaviy direktori va “Saviday” kompaniyasi hamkori Shon Makellin, “Amity University” universitetining katta vitse-prezidenti Amol Chauxan, “TBC Group” va ’Space International” kompaniyalari bosh direktori Nika Kurdiani, “Veon ADTeCh” kompaniyasi bosh direktori Jorj Xeld, “Kanoo Group” kompaniyasi hamkori va boshqaruvchi direktori Asif Khader O‘zbekistonda biznes yuritish va hamkorlik istiqbollari bo‘yicha o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.

Bundan tashqari, konferensiyada IT Park rezidentlari: “Unicon Soft”, “ExactIT”, “VENKON Group”, “REAL SOFT”, “PROXIMAOPS”, “AttoLabs CA” va “PDP EcoSystem” kompaniyalari yangi biznes munosabatlariga asos solgan holda o‘zlarining innovatsion yechimlarini taqdim etdilar.

 IT Park vakillari mamlakatda autsorsing bo‘yicha yaratilgan tashabbus va imkoniyatlarni namoyish etishdi. Xususan, korporativ soliqlar va QQS’ning barcha turlaridan ozod qiluvchi IT Park rezidentlik maqomi;  O‘zbekiston bozoriga kirmoqchi bo‘lgan xorijiy IT va BPO-kompaniyalari uchun “Zero Risk” va “Mintaqaviy shtab-kvartira” dasturlari ishtirokchilarga taqdim etildi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonning eng katta boyligi uning kadrlar zaxirasi ekanligi alohida e’tirof etildi. Mamlakat aholisining deyarli uchdan ikki qismini  yuqori savodxonlik darajasiga ega va chet tillarini biluvchi 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil qiladi. Har yili 65 ta universitetning 30 mingdan ortiq talabalari IT-yo‘nalishlari bo‘yicha oliy ta’limni tamomlashadi.

Shuningdek, global kompaniyalar uchun o‘ziga xos muhitni taklif qila oladigan “Enterprise Uzbekistan” Xalqaro raqamli texnologiyalar markazini tashkil etishga alohida e’tibor qaratildi. Markaz “tartibga solish qumdoni”, intellektual mulk va shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, keng qamrovli davlat va bank xizmatlarini o‘z ichiga oladi. Shuningdek, markaz mehnat munosabatlari, bojxona va soliq qonunchiligi, tijorat va fuqarolik nizolarini hal etish masalalarida salmoqli yordam ko‘rsatadi.

“Bugun biz O‘zbekiston IT salohiyati yuksalishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan muhim tadbirlardan birini o‘tkazdik. Biz mamlakatimizni xorijiy kompaniyalar uchun jozibador sharoitlarni taklif etuvchi global IT-autsorsing markaziga aylantirishga intilamiz. Dubaydagi ushbu tadbir imkoniyatlarimizni yana bir bor ta’kidladi va jahon IT-hamjamiyati bilan yaqin aloqalarni o‘rnatish yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi”, – dedi Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov.

Dubayda o‘tkazilgan “Uzbekistan Outsourcing Conference” tadbiri  O‘zbekistonning global IT-autsorsing sohasidagi mavqeini mustahkamlashga qaratilgan strategik tadbir hisoblanadi. Konferensiya yakuni bo‘yicha birinchi yil davomida $10 million va uch yil davomida $50 million eksport hajmiga ega bo‘lgan 15 dan ortiq kompaniyalar O‘zbekistonda o‘z vakolatxonalarini ochishi kutilmoqda, bu esa mahalliy IT-mutaxassislar uchun birinchi yil davomida kamida 500 ta va uch yil davomida kamida 2 000 ta yangi ish o‘rinlarini yaratish imkonini beradi.

2024-02-16