Dubaydagi Uzbekistan Tech Conference: O‘zbekiston jahon texnologiya maydonidagi o‘rnini mustahkamlamoqda

2025-yil 13-fevral kuni Dubayda O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT Park Uzbekistan tomonidan “Uzbekistan Tech Conference” tashkil etildi. Tadbir O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor yetakchi texnologik kompaniyalar va venchur kapital vakillarini bir joyga to‘pladi. Tadbirda BAAning 105 kompaniyasidan 130 nafardan ortiq vakil ishtirok etdi.

Hamkorlik istiqbollari

Tadbirni Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov kirish so‘zi bilan ochib berdi. U IT sohasida olib borilayotgan islohotlarning muhimligini va hukumatning global texnologiya kompaniyalari uchun biznes muhitini takomillashtirish bo‘yicha sa’y-harakatlarini ta’kidladi:

“Davlat rahbarining qo‘llab-quvvatlashi tufayli O‘zbekistonda IT sohasi shiddat bilan rivojlanmoqda. Davlat darajasida qabul qilingan qo‘llab-quvvatlash dasturlari startaplar va IT-kompaniyalar uchun qulay ekotizim yaratishga va kadrlar salohiyatini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.”

Shuningdek, tadbir ishtirokchilarini sun’iy intellekt, raqamli iqtisodiyot va masofaviy ishlashni rivojlantirish bo‘yicha ijrochi direktor Sakr Bingalib ham qutladilar.

IT Park Uzbekistan xizmatlar eksportini rivojlantirish bo‘yicha direktori Mahliyo Muksinova O‘zbekistonning global texnologiya markazi sifatidagi o‘sib borayotgan roliga e’tibor qaratdi:

“So‘nggi 5 yil ichida mamlakatda ulkan ishlar amalga oshirildi. Buning natijasida O‘zbekistonning IT yo'nalishidagi jozibadorligi jadal sur’atlar bilan o‘sib bormoqda. Xorijiy kompaniyalar soni bir necha barobarga ko‘paydi, IT xizmatlari eksporti esa 89 ta mamlakatga yetdi.”

IT Park Uzbekistan vakillari yuqori texnologiyali tarmoqlarni rivojlantirish bo‘yicha tashabbuslarini taqdim etib, O‘zbekistondan yangi bozorlarga chiqishning biznes-imkoniyatlari va afzalliklarini ta’kidladilar. Mamlakat kompaniyalarga xalqaro bozorlarga chiqish va ko‘p tilli kadrlar salohiyatini ta’minlash orqali o‘zini istiqbolli global IT-hab sifatida namoyon etmoqda.

Ekspertlarning chiqishlari

Shuningdek, “DataVolt” bosh direktori Rajit Nanda, “Uzum” texnik direktori va mahsulot bo‘yicha direktori Kevin Xanda, “UZINFOCOM” kompaniyasining MENA mintaqasidagi biznesni rivojlantirish bo‘yicha rahbari Azamat Turg‘un, hamda “ARO” (AX Tech) kontent rahbari Aziz Rahimov O‘zbekistonda faoliyat yuritishning muvaffaqiyatli tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.

Rajit Nanda Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT Park Uzbekistan bilan hamkorlikda yashil ma’lumotlar markazlari qurilishining borishi, shuningdek, mamlakatning yuqori darajadagi texnologik infratuzilmasi haqida ma’lumot berdi.

Kevin Xanda O‘zbekistonning birinchi “unicorn” kompaniyasi deb e’tirof etilgan va qiymati 1 milliard dollarga baholangan “Uzum” ekotizimining muvaffaqiyat tarixi haqida so‘zlab berdi. U kompaniyaning o‘sishiga hissa qo‘shgan asosiy omillarni, jumladan, davlat qo‘llab-quvvatlashi, qulay biznes muhiti va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishni alohida ta’kidladi.

“UZINFOCOM” yagona integratori vakili kaftni skanerlash orqali to‘lovlarni amalga oshirish imkonini beruvchi “MyID Palm” texnologiyasini namoyish etdi. U o‘z nutqida ushbu tizim o‘zbekistonlik IT-mutaxassislar tomonidan ishlab chiqilayotganini, bu esa mahalliy kadrlarning yuqori malakasidan dalolat berishini ta’kidladi.

Aziz Rahimov (ARO, AX Tech) kompaniyaning BAAga IT-xizmatlarini muvaffaqiyatli eksport qilish bo‘yicha amaliy tajribasiga asoslanib, O‘zbekistonning IT-hab sifatidagi strategik afzalliklari haqida gapirdi.

Yakuniy so‘zda IT Park Uzbekistan kuzatuv kengashi raisi Farhod Ibragimov mamlakatning biznesni rivojlantirish va kengaytirish uchun afzalliklarini ta’kidladi:

“O‘zbekiston strategik joylashuvi tufayli Yevropa, Osiyo va Yaqin Sharqning asosiy bozorlari o‘rtasida bog‘lovchi bo‘g‘in vazifasini bajarmoqda. Rivojlangan infratuzilma, malakali mutaxassislar va davlatning har tomonlama qo‘llab-quvvatlashi biznesni kengaytirish va yangi bozorlarga samarali kirish uchun mustahkam poydevor yaratmoqda.”

Tadbirdan so‘ng IT Park Uzbekistan startaplari “DIFC Innovation Hub” seminarida ishtirok etdilar. Unda Aleks Pavan (“Ignyte” kompaniyasining boshqaruv xodimi) investorlar bilan aloqa o‘rnatish va BAA bozoriga kirish bo‘yicha amaliy strategiyalar bilan o‘rtoqlashdi. Mutaxassis loyihalarni samarali taqdim etish, ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish va Dubay ekotizimidan kengaytirish uchun qanday foydalanish haqida so‘zlab berdi. Mazkur uchrashuv xalqaro aloqalarni mustahkamlashda muhim qadam bo‘ldi va o‘zbek startaplari uchun yangi istiqbollarni ochdi.

Xalqaro biznes uchun yangi imkoniyatlar

Konferensiya xorijiy kompaniyalar uchun ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish va qo‘shma loyihalarni ishga tushirish uchun platformaga aylandi. Shuningdek, u O‘zbekistonning istiqbolli startaplari va texnologiya kompaniyalari bilan strategik hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkonini berdi.

Konferensiyada O‘zbekistonning soliq imtiyozlari, IT-biznesni qo‘llab-quvvatlash choralari hamda kadrlar salohiyatini rivojlantirish dasturlari taqdim etildi. Buning natijasida, tadbir ishtirokchilari O‘zbekistonda ofislar ochishga va xalqaro buyurtmalarni joylashtirish maqsadida mahalliy rezidentlar bilan hamkorlik o‘rnatishga qiziqish bildirdilar. Shuningdek, manfaatdor kompaniyalar vakillari mamlakatning texnologik salohiyati bilan yaqindan tanishish uchun 26–27-fevral kunlari Toshkentda o‘tkaziladigan “Offshore Outsourcing Conference” tadbiriga taklif etildi.

Dubay o‘tkazilgan “Uzbekistan Tech Conference” O‘zbekistonning xalqaro biznes uchun ochiq va jadal sur’atlar bilan rivojlanayotgan IT-hab sifatidagi o‘rnini mustahkamladi. Mamlakat innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlamoqda va yuqori texnologiyali sanoatni faol ravishda rivojlantirmoqda.

2025-02-14