“Ehtimol, shu yerda qolarman” – Itransition kompaniyasida PHP-dasturchi sifatida ishlab kelayotgan Yevgeniy Krisanov Ozbekistondagi hayoti haqida

IT Park O‘zbekistonga ishlash uchun ko‘chib kelgan IT-mutaxassislarining hikoyalari chop etishda davom etmoqda.

Ruknimizning navbatdagi qahramoni 38 yoshli Yevgeniy Krisanov. Yevgeniy “Itransition” kompaniyasida PHP dasturchisi sifatida ishlaydi.

Itransition Group (Itransition) - dasturiy yechimlarni ishlab chiqish va IT-konsalting sohasidagi xalqaro IT-kompaniya, Belarusiya Yuqori Texnologiyalar Parkining (HTP) rezidenti va Infopark fan va texnologiya assotsiatsiyasining a’zosi. U HTP rezident kompaniyalari orasida eng yirik beshta dasturiy ta'minot eksportchilaridan biridir. Itransition vakolatxonalari AQSh, Buyuk Britaniya, Niderlandiya, development markazi esa Belarusda joylashgan.

“Itransition’da bir yildan beri ishlayman. Biz kiyim-kechak sotuvchi g‘arbiy saytni qo‘llab-quvvatlaymiz, ya’ni yangi funksiyalarni ishlab chiqamiz, uni qo‘llab-quvvatlaymiz, biror narsa buzilsa, tuzatamiz”.

Yevgeniy sohaga kirib kelganiga ancha bo‘ldi. Dastlab u loyihalar bilan faqat o‘zi uchun shug‘ullangan – shu tariqa sohadagi yangiliklarni o‘rganib, ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqargan. Keyinchalik esa maxsus ta’limga ega bo‘ldi.

“Men dasturlash asoslarini universitetdan ancha oldin oʻrgana boshlaganman. Oʻqishni tugatgandan soʻng, bir oz muddat tizim ma’muri sifatida  ishladim, keyin Internet va veb-saytlarni ishlab chiqishga oʻtishim kerak deb qaror qildim. Chunki angladim, bu menga yoqadigan narsa”.

Toshkentga koʻchish haqida

Shu yilning mart oyida Yevgeniy O‘zbekistonga ko‘chib o‘tishga qaror qildi.

“Bahorda men Rossiyani tark etishga qaror qildim. Bir necha mamlakatlarni ko‘rib chiqdim. Yevropaga borishni xohlamasdim, shuning uchun men uchta davlatni tanlashim kerak edi: Gruziya, Armaniston, O‘zbekiston. Toshkentda kompaniyamizning ofisi ochilgani bois, O‘zbekistonni tanladim. Bu yerga kelganimdan xursandman!”

Yvgeniyning so‘zlariga ko‘ra, relokatsiya jarayoni oson kechdi. O‘sha paytdagi yagona talab PCR testidan o‘tish va, albatta, pasportga ega bo‘lish.

“IT Park ko‘chishimga yordam berdi: meni aeroportda kutib olishdi va yotoqxonaga joylashtirishdi. Toshkentga kelganimning ikkinchi kunidayoq yashashga joy topdim. Ro‘yxatga olish va boshqa masalalar juda tez hal bo‘ldi”, deydi suhbatdoshimiz.

Ozbekistonning IT sohasi haqida

O‘zbekistonda IT sohasi haqida qahramonimizning fikri qanday ekanligini so‘radik, u ijobiy deb javob qaytardi.

“Men O‘zbekiston IT sohasi haqida chuqur ma’lumotga ega emasman va faqat foydalanuvchi sifatida aytishim mumkin. Albatta, muammoli joylar mavjud. Masalan, bank ilovalaridan foydalanib ko‘rdim, va menimcha, yaxshilanadigan jihatlari mavjud, moliyaviy vositalarning ishonchli bo‘lishini xohlardim. Lekin shuni aytishim mumkinki, soha ancha rivojlangan, O‘zbekiston o‘z yo‘lidan ketayotgani aniq. Internet ishlashi sifat darajasida.

Suhbatdoshning qayd etishicha, CLICK va Payme kabi ilovalarni Rossiyada ko‘rmagan.

“Bu ilovalar, ayniqsa, kichik biznes uchun qulay. Ehtimol, Rossiyada bunday narsa bor, lekin bu yerda hamma narsa juda oson va tez ", deya qo‘shimcha qildi qahramonimiz.

Ozbekiston haqidagi taassurotlar

Qahramonimiz mamlakat unda unutilmas taassurot qoldirganini aytdi.

“Qanday qilib O‘zbekistonni yoqtirmaslik mumkin? Bu yerda havo issiq, hammayoq ko‘kalamzor, taomlar mazali. Aholisi xushmuomala, mehribon va xayrixoh. Meni doim kafelarga taklif qilishadi, yaxshi muomala qilishadi. Kvartira borasida ham omadim keldi. Egasi juda xushmuomala, xayrixoh. U menga ko‘p yordam berdi, olib yurdi, ro‘yxatga olishda yordam berdi, palov bilan mehmon qildi, bozorlarga olib bordi. Mahalliy aholining qo‘llarini ko‘ksiga qo‘yib, meni "aka" deb chaqirishi, ko‘nglimdan joy oldi.”

Yevgeniy poytaxtning mashhur sayyohlik obidalarini ziyorat qilishga, gullar ko‘rgazmasiga  tashrif buyurishga muvaffaq bo‘ldi va hatto Amir Temur xiyobinida o‘zining sevimli qahvaxonasini ham topdi, barista bilan do‘stlashdi.

“Mahalliy bozorlarga bordim. Ayniqsa, Chorsuni eslayman – rang-barang maskan, sharqona bozorlarni shunday tasavvur qilardim. U yerga borishim bilanoq, sotuvchilar darhol menga nimadir sotib olishni taklif qila boshladilar, qayerdan kelganimni so‘rashdi, hatto savdolashishga ham harakat qilib ko‘rdim.”

Toshkent metrosi qahramonimizda boshqacha tassurot qoldirdi. Yevgeniy vaqti-vaqti bilan ushbu metroda sayr qilishni va poytaxt bekatlari go‘zalligini ko‘zdan kechirishni xush ko‘radi. Sevimli bekatlari orasida Kosmonavtlar, Bodomzor, Paxtakor va Alisher Navoiyni qayd etdi.

Qahramonimiz Toshkentdan tashqari Samarqandga ham borishga muvaffaq bo‘ldi. U bu shaharning diqqatga sazovor joylarini alohida hayajon bilan eslaydi.

“Samarqand Toshkentdan juda farq qiladi. Menimcha, poytaxt Rossiyaning zamonaviy yirik shaharlariga o‘xshash. Samarqand esa o‘ziga xos, sharqona, masalan, u yerda milliy kiyimlarni tez-tez uchratasiz! ”

Sayyohlik guruhi tarkibida Registon, Go‘ri-amir, Siyob bozori, Bibixonim masjidi, Ulug‘bek rasadxonasi, Xo‘ja Doniyor maqbarasini ziyorat qildi.

“Oʻzbekistonga koʻchib kelgan IT-mutaxassislar uchun Samarqandga sayohat IT Park tomonidan tashkil etildi. Bizgadiqqatga sazovor joylar bilan bir qatorda yangi binolar, maktablar ko‘rsatishdi, hatto yangi xalqaro aeroportga olib borishdi. Shuni ta’kidlash joizki, aeroport juda keng va zamonaviy, ichki reyslar narxi esa hamyonbop. Ushbu sayohat uchun IT Parkdan minnatdorman, safar eng yuqori darajada tashkil etildi”.

Ozbek oshxonasi ham Yevgeniyni befarq qoldirmadi. Taomlarning mazasiga gap yo‘q.

“Palov, ikki xil lag‘mon, beshbarmoq, kabob, somsa, yopgan nonni tatib ko‘rdim. Bu yerda hamma narsa soz bilan ta’riflab bo‘lmaydigan darajada mazali. Mevalar, sabzavotlar, rezavor mevalar – xullas, barchasining ta’mi o‘zgacha.

Kelajakdagi rejalar

Yevgeniyning tan olishicha, u Toshkentda uzoq vaqt qolishni o‘ylagan, hozir esa bu yerda yashab qolish imkoniyatini istisno etmaydi.

“Menga mamlakat, shahar yoqdi. Shu yerda qolish haqida o‘ylayapman. Lekin, avvalo, hamma narsani obdon o‘ylab ko‘rmoqchiman, jumladan, jazirama Toshkent yoziga dosh bera olamanmi yoki yo‘qmi, tushunmoqchiman. Bu mening yakuniy qarorimga ta’sir qiladigan asosiy mezonlardan biri”.

Hozir Yevgeniy Toshkentdagi hayotning har bir daqiqasidan zavq olmoqda, bouling o‘ynaydi, turli viktorinalarda qatnashadi. Boz ustiga o‘zbek tilini ham o‘rganmoqchi.

“Men hozirgacha bir nechta iboralarni va o‘ngacha hisoblashni o‘rgandim. Umuman o‘zbek tilini o‘rganmoqchiman. Agar shu yerda qolsam, tilni bilishim kerak. Agar ketsam, o‘zim bilan o‘zbek tili haqida ozgina bilim, Qo‘qon holvasi, do‘ppilarini olib ketaman”.

2022-06-22