2023-yil 30-aprel kuni Enterprise Singapore delegatsiyasi IT Park Uzbekistan ofisiga tashrif buyurdi.
Tashrifdan maqsadi – IT-tadbirkorlik va ta’limni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni muhokama qilishdan iborat.
Delegatsiya tarkibiga kompaniyaning Turkiyada joylashgan Yevropa vakolatxonasi hududiy direktori Yogindran Tiayagaraja va kompaniyaning Yevropa vakolatxonasi biznesni rivojlantirish bo‘yicha katta menejeri Guvenj Guresh kirdi.
Mehmonlarni IT Park direktorining birinchi o‘rinbosari Abdulahad Qo‘chqorov, Startap ekotizimlarini rivojlantirish departamenti rahbari Jahongir Kagirov va xalqaro hamkorlik bo‘yicha menejer Umida Odilovalar kutib olishdi.
Tashrif yil boshida boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston-Singapur biznes-forumi doirasida IT Park delegatsiyasining Singapurga safari bilan boshlangan muhokamalarning davomi boʻldi.
Uchrashuvda tomonlar IT-tadbirkorlik sohasida hamkorlik qilish, ikki mamlakat startap va kompaniyalarini qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlari, shuningdek, ikki davlat ekotizimlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha keyingi qadamlarni muhokama qildilar.
Delegatsiya vakillari o‘zaro munosabatlarni yanada mustahkamlashdan manfaatdor ekanliklarini hamda Singapur akseleratorlari va venchur fondlari bilan aloqalarni o‘rnatishda IT Park ʼni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
O‘z navbatida, IT Park direktorining birinchi o‘rinbosari kelgusida hamkorlikni davom ettirish va qo‘shma dasturlar ustida ishlashga tayyorligini bildirdi.
Yig‘ilishni sarhisob qilar ekan, delegatlar IT-sanoatda ro‘y bergan ijobiy o‘zgarishlar va IT va BPO xususiy sektorining hayratlanarli o‘sishi, shuningdek, IT Parkʼning noodatiy jadal rivojlanishini ta’kidladilar.
Shuningdek, delegatsiya yangi IT Park klasteri va Toshkent filialiga ekskursiya uyushtirdi, uning davomida mehmonlar infratuzilmaning o‘sish sur’atlari va IT Park filiallarining keng tarmog‘i bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar.
2023-05-04