FAO va YeXHTning Oʻzbekistondagi loyihalari koordinatori IT Park koʻmagida tashkil etilgan “Hack4DigitalVillages” innovatsion xakatoni uchun kuchlarni birlashtirmoqda.
Fargʻona vodiysi, Oʻzbekiston, 2023-yil 24-26 noyabr — Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) YeXHTning Oʻzbekistondagi loyihalari koordinatori bilan hamkorlikda va IT Park va CGIAR Accelerate for Impact Platform koʻmagida, “Hack4DigitalVillages” innovatsion xakatonida ishtirok etish uchun arizalar qabuli boshlanganini eʼlon qiladi.
Tadbirdan maqsad Fargʻona vodiysi yoshlarining intellektual va ijodiy qobiliyatlarini safarbar qilish va Oʻzbekiston Fargʻona vodiysidagi FAO’ning sinov tariqasidagi raqamli qishloqlar aholisiga foyda keltiradigan raqamli innovatsiyalarga eʼtibor qaratishdan iborat.
Xakaton yosh dasturchilar, qishloq xoʻjaligi mutaxassislari va texnologiya ixlosmandlari uchun noyob muammolarni hal qilish va mahalliy fermerlarning qishloq xoʻjaligi amaliyotini takomillashtirishga qaratilgan raqamli yechimlarni birgalikda yaratish va ishlab chiqish uchun platformani taqdim etadi. Tadbir 24-26 noyabr kunlari Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Fargʻona filialida boʻlib oʻtadi. Uch kun davomida ishtirokchilar fermerlar bilan uchrashish, tajriba almashish va ular bilan bevosita ishlash imkoniyatiga ega boʻladilar.
Xakaton davomida ishtirokchilar FAO, YeXHT, CGIAR, USAID, IT Park, universitetlar va boshqa tashkilotlar ekspertlaridan yordam va maslahatlar oladilar, shuningdek, oʻz yechim va taqdimotlarini takomillashtirish boʻyicha bir qator mashgʻulotlarda qatnashadilar.
“Hack4DigitalVillages” fargʻonalik yoshlarni Fargʻona vodiysining qishloq aholisiga taʼsir koʻrsayotgan quyidagi dolzarb muammolarni hal qilish uchun texnologiyalardan foydalangan holda istiqbolli va innovatsion yechimlarni taqdim etishga taklif qiladi:
Tanlov komissiyasi barcha arizalarni koʻrib chiqqan holda, yuqorida sanab oʻtilgan muammolarini hal qilish uchun Buyumlar interneti (IoT) va sunʼiy intellekt (SI) imkoniyatlarini tadqiq qilishga qaratilgan takliflarga alohida eʼtibor qaratadi. Ishtirok etish uchun 25 ga yaqin jamoalar tanlab olinadi.
Kimlar ariza topshirishi mumkin? 16 yoshdan oshgan individual arizachilar va ikki yoki uch ishtirokchidan iborat jamoalar. Roʻyxatdan oʻtish paytida jamoaga ega boʻlmagan ishtirokchilar xakatonning birinchi kunida oʻz sheriklarini topishlari mumkin. Fargʻona vodiysidagi universitet talabalari, qishloq xoʻjaligi muammolari yechimlarini ishlab chiqishga qiziqqan IT-mutaxassislari, qishloq xoʻjaligi sohasidagi mutaxassislar, marketing boʻyicha mutaxassislar, mahsulot egalari va Fargʻona vodiysi yoki uning atrofida yashovchi fermerlar ariza topshirishlari mumkin.
Ishtirokchilarning xilma-xilligini taʼminlash maqsadida xakaton oʻzbek va ingliz tillarida, rus tiliga sinxron tarjima qilingan holda oʻtkaziladi. Toʻlaqonli muloqotni taʼminlash uchun har bir jamoada ingliz tilini biladigan kamida bitta ishtirokchi boʻlishi kerak.
“Hack4DigitalVillages” eng yaxshi beshta jamoani umumiy qiymati $13,000 boʻlgan texnik jihozlar bilan mukofotlaydi, shuningdek doimiy murabbiylik va qoʻllab-quvvatlash imkoniyatini taqdim etadi. Murabbiylik toʻplami har bir jamoaning ehtiyojlariga moslashtirilgan individual murabbiylik mashgʻulotlari, olti oy davomida IT Park ofis maydoni, kompyuterlar va 3D printerlaridan foydalanish imkoniyatini oʻz ichiga oladi. Ushbu tashabbusning asosiy maqsadi — gʻoliblarga ishlanmalarining ilmiy asoslarini kengaytirish va mustahkamlash imkoniyatini taqdim etgan holda oʻz gʻoyalarini muvaffaqiyatli biznes loyihalarga aylantirishga koʻmaklashish.
Arizalar 2023-yil 22-noyabr soat 18:00 ga qadar quyidagi havola orqali qabul qilinadi: https://forms.gle/jgn5SnBa3LdqEG3M9
Hack4DigitalVillages innovatsion xakatoni — FAO va YeXHTning Oʻzbekistondagi loyihalari koordinatorining ikkita tashabbusi doirasidagi maxsus tadbir.
FAO’ning Oʻzbekistondagi “Digital Villages Initiative” (DVI) tashabbusi qishloq xoʻjaligi mahsuldorligini oshirish, fermerlarning raqamli xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va Fargʻona vodiysining qishloq hududlarida hayot sifatini yaxshilashga qaratilgan. DVI tashabbusi Novkent va Yuksalish qishloqlarini raqamli rivojlanish bosqichiga yoʻnaltirish maqsadida 2023-yili Oʻzbekistonda ishga tushirilgan. Ushbu tashabbus jamoatchilik ishtirokiga asoslangan boʻlib, qishloq aholisi, ayniqsa, yoshlarning qishloq jamoalari duch keladigan muammolarni birgalikda aniqlash va hal qilish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
Oʻzbekistondagi DVI loyihasi bir nechta asosiy elementlarni, jumladan issiqxonalar uchun ochiq kodli IoT-qurilmalarini yigʻishni oʻz ichiga oladi. Shuningdek, loyiha davomida ushbu qurilmalar “Digital Village Camp” doirasida kichik fermerlar orasida tajriba sifatida joriy etiladi. Bundan tashqari, maqsadli jamoalarda raqamli savodxonlik va tadbirkorlik boʻyicha oʻquv dasturlarini integratsiyalash va “Digital Villages Hub” — hamjamiyatlar oʻrtasida bilim almashish uchun raqamli platformani yaratish, shuningdek Telegram va YouTubeʼda qishloq xoʻjaligi boʻyicha maxsus bilim va tajribalarning raqamli omborini yaratish amalga oshiriladi.
Shu bilan bir vaqtda, har hafta “DVI Living Labs” onlayn sessiyalari oʻtkaziladi, bunda Novkent va Yuksalish qishloq jamoalari muhim mavzularni muhokama qilish va onlayn video chat orqali bilim almashish uchun mutaxassislarni taklif qilish imkoniyatiga ega boʻladilar. Bundan tashqari, DVI loyihasi doirasida Tojikistondagi DVI hamjamiyati bilan birgalikda rivojlanishga koʻmaklashish maqsadida maxsus tadbirlar tashkil etiladi. Ushbu tadbirlar “Hack4DigitalVillages” innovatsion xakatoni bilan yakunlanadi.
Iqtisodiy rivojlanishni qoʻllab-quvvatlash loyihasi doirasida YeXHTning Oʻzbekistondagi loyihalari koordinatori (PCUz) kichik biznesni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlaydi va IT va raqamlashtirish orqali yoshlarni ish bilan taʼminlash imkoniyatlarini oshiradi. Yillar davomida PCUz salohiyatni oshirish boʻyicha keng koʻlamli tashabbus va chora-tadbirlarni qoʻllab-quvvatlab kelmoqda. Bularga Oʻzbekiston yoshlarining biznes, raqamli va IT salohiyatini mustahkamlashga xizmat qiluvchi akseleratsiya dasturlari, xakatonlar, IT-tanlovlar, inkubatsiya dasturlari kiradi.
Quyidagi havola orqali “Digital Villages Initiative” tashabbusi haqida koʻproq bilib oling: https://www.fao.org/digital-villages-initiative/europe/en
“Digital Villages Initiative” tashabbusi Novkent va Yuksalish qishloqlaridagi aqlli sensorlar va jonli laboratoriyalar orqali qanday taʼsir oʻtkazgani haqida koʻproq bilib oling: https://www.fao.org/fao-stories/article/en/c/1649838/
2023-11-01